Samarqand shahrida yashovchi erkak internet orqali tanishib qolgan ayolning uyatsiz videolarini internetda tarqatish bilan qo‘rqitib, undan tamagirlik yo‘li bilan 5 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 33 yoshli ayol va 40 yoshli erkak 2023-yilning mart oyida internet orqali tanishib qolib, ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan. Munosabatlar may oyida yanada yaqinlashgan va ular to‘rt-besh marotaba yaqin munosabatda bo‘lgan.
“Vaqt o‘tib o‘rtada munosabatlar buzilgach, erkak ayolning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi, sharmanda qiluvchi, eng yomoni uyatli holatlari tushirilgan videolarini internet tarmoqlariga tarqatish bilan qo‘rqitib, undan 5 million so‘m pullarni tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga uringan”, — deyiladi rasmiylar maʼlumotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, tezkor tadbir davomida arizachidan tovlamachi erkak 5 million so‘m pulni olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik), 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)