O‘zbekistonda bog‘cha bolalari va shifoxonalardagi bemorlar kunlik ratsioniga asal mahsuloti kiritiladi. Bu haqda “Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik isteʼmol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Har yili 1–10-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Asal bayrami” va “Asalarichilik mahsulotlari” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Asalarichilik subyektlarining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil qilinadigan ko‘rgazma va konferensiyalarda doimiy ishtirok etishini taʼminlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Shuningdek, 2023-yilda 200 ming gektar-maydonda paxta hosildorligini oshirish uchun g‘o‘zani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qo‘llaniladi.
Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida Namangan hamda Farg‘ona viloyatlari tajribasi asosida Asalarichilik sanoat markazlari tashkil etiladi.
2024-yildan intensiv mevali bog‘larda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash choralari ko‘riladi.
“Fermerlar maktabi”da paxta maydonlari va intensiv mevali bog‘larda asalarilar bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Izoh (0)