“Tolibon” Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbarning uyini yoqib yubordi. Bu haqda elchining so‘zlariga tayanib, Sputnik Tojikiston xabar berdi.
Panjsherning Ruxin tumanida joylashgan uydagi yong‘in 11-iyunda boshlangan va hozir ham davom etmoqda. Bino 1998-yilda Ahmad Shoh Mas’uddan moliyaviy yordam sifatida olingan pul evaziga qurilgan.
“Uy olovda yonishi mumkin, ammo bizning ruhimiz va irodamiz yonmaydi”, — deydi Muhammad Zohir Agbar.
2021-yil sentabrida Panjsher darasi egallab olingandan so‘ng, turar joy “Tolibon”ning harbiy qarorgohiga aylandi.
“Ular shuni bilishlari kerakki, uylar yonib ketishi mumkin, lekin terrorizm va zulmga qarshilik ruhi bundan mustasno”, — degan elchi.
Bu Panjsherda “Tolibon”ga qarshi muxolifat uylariga o‘t qo‘yish bilan bog‘liq yagona holat emas.
2023-yil yanvarida Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti bilan aloqador bo‘lgan Afg‘oniston adliya vaziri Fazl Ahmad Manaviyning uyi yoqib yuborilgandi. Har ikki holatda ham “Tolibon” mahalliy aholiga yong‘inni o‘chirishga to‘sqinlik qilgani aytilmoqda.
Izoh (0)