Xitoyning janubiy Guandun provinsiyasining Guanchjou shahrida maymunchechak bilan kasallangan ikki odam aniqlangan va ikkalasi ham izolyatsiya qilingan, deya xabar beradi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi.
“Guanchjouda 10-iyun kuni 43 va 29 yoshli ikki erkakda maymunchechak bilan kasallanish holati aniqlandi”, — deyiladi markaz xabarida.
Ayni paytda kasallanganlar izolyatsiya qilingan va ixtisoslashtirilgan shifoxonada davolanmoqda, ikkalasida ham kasallik yengil alomatlar bilan davom etmoqda.
JSST 2022-yilning iyul oyida maymunchechak epidemiyasi sababli favqulodda holat e’lon qilgandi. Joriy yilning may oyi boshida kasallik kamaygani sabab favqulodda holat bekor qilingandi.
JSST maymunchechakdan o‘lim darajasini 3-6 foiz deb baholagan.
Izoh (0)