Senat oilaviy poliklinikalarda ayrim tibbiy xizmatlarni pulli qilishga doir qonunni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytardi.

Unda aytilishicha, Senatning 9-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonunga asosan oliy yoki o‘rta maxsus, professional tibbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlagan va davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslargina tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, unda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy xizmatlar va boshqa xizmatlar qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, ular pulli asosda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi ta’kidlandi.
Jumladan, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning asosiy tartib-taomillarini qonun darajasida belgilash maqsadga muvofiqligi, qonunga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadi, asoslari va ro‘yxatdan chiqarish asoslari, bu harakatlarning oqibatlari, shuningdek, ro‘yxatning ochiq bo‘lishi, undan aholi foydalanishi kabi masalalarni kiritish lozimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar jumlasiga kiritilgan.
Shularni inobatga olib, ushbu qonunni qayta ko‘rib chiqish lozimligi to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, ayni paytda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi 28 ta diagnostik tekshiruv, 22 ta laborator tahlil, 138 turdagi dori vositalari, 57 ta tibbiy buyumlar, eng ko‘p uchraydigan 110 ta tashxis, shuningdek, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 76 ta tibbiy buyumlar, 27 ta operativ davo hamda eng ko‘p uchraydigan 257 ta tashxis kiritilgan bo‘lib, davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.
Izoh (0)