Argentinalik hujumchi Lionel Messi “Barselona”ga qaytish uchun bor imkoniyatini ishga solyapti.
Leoning otasi va agenti hisoblangan Xorxe Messi va futbolchining o‘zi ham “Al-Hilol” hamda “Inter Mayami”dan “Barselona”ga o‘tishga ko‘maklashishni so‘ragan, deya xabar qilmoqda Cadena SER.
Ayni vaqtda ushbu klublar transferda ishtirok etish yoki etmasligi masalasi so‘roq ostida qolmoqda. Avvalroq “Inter Mayami” futbolchini o‘z safiga qo‘shib olib, bir mavsumga “Barselona”ga ijaraga berishi mumkinligi haqida xabar qilingandi. Qayd etilishicha, Messining vakillari arab klubiga ham shunday taklif bilan chiqqan.
“Al-Hilol” Messiga yiliga 300 million yevro maosh berishga tayyor, AQSH klubi esa homiylik shartnomalaridan tashqari 50 million yevro maosh taklif qilgan. Shuningdek, Amerika klubi Leoni aksiyadorlardan biriga aylantirishga tayyor.
Avvalroq Messi “Al-Hilol”dan transferni 2024-yilga qoldirib turishni so‘ragani aytilgandi.
“Barselona” prezidenti Xoan Laporta Xorxe Messi bilan bo‘lgan suhbatda Leoga yuqori maosh to‘lashini aytgan, Messining otasi esa Lionel “Barselona”da tekinga o‘ynashga ham tayyorligini bildirgan. Biroq La Liga Messini ortiqcha vositalarsiz qo‘lga kiritish yo‘lida “Barselona”ga xalal bermoqda.
36 yoshli futbolchining “PSJ” bilan amaldagi shartnomasi 30-iyunda o‘z yakuniga yetadi va futbolchi erkin agentga aylanadi.
Izoh (0)