Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tuman tibbiyot birlashmalarining birida bosh hisobchi sifatida faoliyat yuritgan va ishdan bo‘shatilgan fuqaroni o‘ziga tanish sudya orqali ishga tiklab berishga vaʼda qilgan advokat va uning sherigi 3 ming AQSH dollarini olayotganda qo‘lga olindi.
Holat DXXning viloyat boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar hamrohligida o‘tkazilgan tezkor tadbir paytida fosh etilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, viloyatning Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro DXXning viloyat boshqarmasiga murojaat qilib, avvalroq tuman tibbiyot birlashmasida bosh hisobchi sifatida faoliyat yuritib kelgani, nohaq ishdan olingach, huquqini sudda himoya qilmoqchi bo‘lib, advokat yollagach, advokat shubhali gaplar aytayotganini bildirgan.
Murojaatchining aytishicha, advokat unga 3 ming dollar bersa, sudya tanishi orqali uni ishiga tiklab berishini, ish Oliy sudda ko‘rilgan taqdirda ham dastlabki qarorni o‘zgartirishsiz qoldirishini bildirgan.
Murojaatchi arizasiga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat so‘ralgan va kimyoviy ishlov berilgan 3 ming AQSH dollarini Qarshi shahridagi to‘yxonalarning biri oldida sherigi bilan birga bo‘lishib olayotganda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan tergov-surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.
Izoh (0)