Linde kompaniyasining vakili Olive Pfan O‘zbekiston—Germaniya ishbilarmonlari uchrashuvi doirasida erishilgan natijalarga to‘xtaldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, prezidentning loyihaga shu darajada yondashayotgani kompaniya vakillarini quvontiradi. Unda qilinishi kerak bo‘lgan barcha ishlar bo‘yicha keng ma’lumotlar mavjud.
“Aytmoqchimanki, bizga kerakli bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash mavjud. Qo‘llab-quvvatlash esa bizga ko‘proq sarmoya kiritish uchun ishonch bermoqda. Prezidentning o‘zi ta’kidlaganiday, investitsiya loyihasini iloji boricha tezroq amalga oshirishni niyat qilganmiz va kelajakda yangi loyihalarga qo‘l uramiz.
Rossiyani tark etayotganimiz fonida Markaziy Osiyo bozori biz uchun juda muhim hisoblanadi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, Markaziy Osiyo deganda, mening ko‘z oldimga birinchi o‘rinda O‘zbekiston va Qozog‘iston keladi. O‘zbekiston bozori biz uchun juda jozibador.
Bu yerdagi muhit juda noyob. Qo‘shimcha qilishim kerakki, O‘zbekistonga borish menga juda yoqadi, odamlari juda xushmuomala, bilimli. Shu sababli ham Markaziy Osiyoga sarmoya kiritish deganda, birinchi navbatda, O‘zbekistonni nazarda tutamiz.
O‘zbekistondagi biznes muhit juda jozibador. Avval aytganimday, aksariyat soliqlar qisqardi. Bu esa dunyodagi ko‘plab davlatlar soliqlarni oshirayotgan davrda yuz berdi. Ko‘plab davlatlar koronavirus davrida yig‘ilib qolgan qarz yukidan zarar ko‘rmoqda. QQSning, daromad solig‘ining qisqarganini alohida ta’kidlamoqchiman, siyosiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. Bularning barchasi sarmoyadorlarga yordam bermoqda”, — deydi Olive Pfan.
Izoh (0)