Jizzax viloyati IIB 300 nafardan ortiq fuqaroning pul mablag‘larini o‘zlashtirgani aytilgan jinoiy guruh to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, fuqaro D.R., A.G‘. va R.N. jinoiy til biriktirgan holda 103 nafar jabrlanuvchini o‘zlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida AQSHga borishi uchun Green Card lotereyasidan yutuq chiqqaniga ishontirib, aldov yo‘li bilan ularning jami 2 milliard 597 million so‘m pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining tegishli hukmiga ko‘ra, D.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Mahkum D.R. jazoni o‘tashiga monelik qiladigan og‘ir kasallikka chalingani sababli, unga nisbatan hukm bilan tayinlangan jazoning ijrosi 4 oyga kechiktirilgan. Jizzax viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining tegishli ajrimiga ko‘ra, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlarining qonuniyligi o‘rganilganda, protest keltirish uchun asoslar topilmagan.
Bundan tashqari, A.G‘. va R.N. tergovdan yashiringani sababli ularga nisbatan sudning ajrimiga ko‘ra, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv eʼlon qilingan.
AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan yuborish holatlari
Toshkentda fuqaroni 20 ming dollar evaziga AQSHga yubormoqchi bo‘lgan talaba ushlangani, Samarqand shahrida 64 nafar fuqaroni AQSHga yuborishini aytib, ularning 4 milliard so‘mini o‘zlashtirganlarga sud hukmi o‘qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. DXX AQSHga ishga yuborish uchun 30 ming dollar so‘ragan shaxsni qo‘lga olgan.
Avvalroq chet elda ishlamoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun Germaniya, Isroil, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Litva, Bolgariya, Polsha davlatlariga bo‘sh ish o‘rinlari taklif etayotgani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)