O‘zbekistonda 2023-yilning o‘tgan davri mobaynida ichimlik va oqova suv tarmoqlariga 407 ta o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022-yil hisobida “O‘zsuvtaʼminot” hamda uning hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan ichimlik va oqova suv tizimlariga jami 2 240 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan bo‘lib, mazkur qonunbuzarliklar natijasida jami 41,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlar hisobiga to‘g‘ri keladi:
- Xorazm viloyatida — 940 ta;
- Toshkent viloyatida — 572 ta;
- Samarqand viloyatida — 344 ta.
2023-yilning o‘tgan davri mobaynida esa ichimlik va oqova suv tarmoqlariga 407 ta o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlangan bo‘lib, uning natijasida jami 3,9 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bunday holatlar oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan reyd tadbirlarida magistral quvurning PK-28—PK-770 oralig‘idagi beshta nuqtada ko‘chma suv hisoblagich yordamida quvurdan o‘tayotgan suv hajmi o‘lchanib, mazkur oraliqda sutkasiga 31 foiz suv yo‘qotilayotgani aniqlangan.
O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalar
Aprel boshlarida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingandi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanadi:
- tijorat banklari kreditlarining garov taʼminoti 50 foizgacha, biroq 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida taʼminlanadi;
- tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi.
Izoh (0)