Qashqadaryo viloyatida 15 ta gaz taqsimlash punkti va stansiyasida suyultirilgan gazni qabul qilish va yetkazishda talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 2023-yilning o‘tgan davri mobaynida Qashqadaryo viloyatida joylashgan 15 ta gaz taqsimlash punkti va stansiyasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida suyultirilgan gazni qabul qilish va yetkazishda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi 646-son qarori talablariga rioya etilmagani maʼlum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar natijasida jami 22,9 milliard so‘mlik (4794 tonna) suyultirilgan gaz asoslantiruvchi hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda talon-toroj qilingani aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish ishlari olib borilmoqda. Tekshirish natijalaridan kelib chiqib qo‘shimcha axborot beriladi.
Izoh (0)