Arximed antik davrning eng yirik olimlaridan biri edi. Uni ko‘pchilik matematik sifatida biladi, biroq u davrda hozirgidek ilmiy bilimlar turli sohalarga ajratilmagan. Qadimgi olimlarning aksariyati ilm-fanning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullangan, biroq Arximed bu borada ham istisno shaxs edi.
Ushbu insonning yutuqlari haqida zamonaviy ensiklopediyalardagi maqolalar orqali ham fikr yuritsa bo‘ladi: “Arximed aksiomasi”, “Arximed qonuni”, “Arximed spirali”, “Arximed vinti”, “Arximed kuchi”. Uning tadqiqotlari nafaqat matematikaga, balki fizika, mexanika, astronomiyaga ham bog‘liq. U insonlar faoliyatining turli sohalarida qo‘llanilgan ko‘plab ixtirolarni yaratgan — qishloq xo‘jaligidan tortib, harbiy ishgacha.
Zamondoshlari Arximed o‘z davridan naqadar ilgarilab ketganini hatto tushunmagan ham. XX asrga kelibgina olimlar qadimgi grek 2 ming yil oldinga ilgarilib ketganini anglay boshlagan. Xo‘sh, Arximed aslida qanday inson edi? “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida buyuk olimning taqdir yo‘llari haqida hikoya qiladi.
Erta dunyoga kelgan daho
Sitsiliya O‘rta yer dengizidagi yirik orol bo‘lib, Apennin yarim oroli va Tunis oralig‘ida joylashgan. Eramizdan avvalgi VIII asrda orol va Apenninni egallagan greklar o‘nlab koloniyalarga asos soladi, jumladan, Sirakuzani ham egallaydi. Greklar sekin-astalik bilan ushbu xosildor yerlarni zabt etgan, hozirgi Italiyaning janubiy qismi o‘sha davrda “Buyuk Gretsiya” nomini olgan.
Arximed dunyoga kelgan vaqtda grek sivilizatsiyasi siyosiy qulash davriga yuz tutgandi. Eramizdan avvalgi IV asrda Gretsiyani “varvar” makedonlar egallagan. Aleksandr Makedonskiy davlati tugatilgan, O‘rta yer dengizining sharqiy qismida uning sarkardalari tomonidan asos solingan yangi podshohliklar paydo bo‘la boshlagan: Makedoniya va Gretsiyani Antigon boshqargan, Misrni — Ptolemey, Suriyani — Selevk.
Shu kabi notinch davrda, eramizdan avvalgi 287-yilda Sirakuzada Arximed dunyoga keladi. Olimning deyarli butun ijodiy faoliyati Pun urushlari davriga to‘g‘ri kelgan (rimliklar o‘z dushmanlari bo‘lgan karfagenliklarni “punlar” deb atagan).
O‘zini shoh Gieron II deb atagan zolim hukmdor ilm-fanga homiylik qilgan va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha traktatlar yozgan. Aftidan, Arximedning otasi Fidiy uning saroyida muhim rol o‘ynagan: chunki u shohning shunchaki qarindoshi emas, balki taniqli astronom-astrolog ham edi.
Tarixchilar u haqida ko‘p ma’lumotga ega emas — Fidiy haqida uning o‘g‘li o‘z ishlarining birida yozib ketgan xolos. Shu bilan birga, Arximedning onasi haqida ham biror ma’lumot mavjud emas. Umuman olganda olimning aniq tug‘ilgan sanasi ham taxminiy.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, katta ehtimol bilan Arximed badavlat oilada dunyoga kelgan va Sirakuzadagi eng yaxshi ta’limni olgan. Shu boisdan astronomiya va matematikadagi bilimlarni egallashida otasining hissasi katta.
Aleksandr Makedonskiyning yurishlari greklar tarixida yangi davrni boshlab bergan. Makedonlar va greklar O‘rta yer dengizi davlatlarida hukmronlikni ushlab qolgan. Shu bilan birga, ko‘plab grek shahar-davlatlarida demokratik tartib mavjud edi, haqiqiy hokimiyat esa aristokratlar qo‘lida bo‘lgan.
Buyuk Aleksandr o‘z nomi ostida ko‘plab shaharlarga asos solgan, ammo Nil deltasidagi shahar ular orasida birinchi va eng kattasi edi. Iskandariya o‘zida grek madaniyati bazisini mujassam etgan: milliy kiyimlarda yuruvchi misrliklar va grekcha gapirishni bilmaydigan fuqarolar shaharga kiritilmagan.
Shaharning asosiy diqqatga sazovor maskani Muz ibodatxonasi edi, u yerda “Museyon” yoki Muzey joylashgan. Dunyo tarixidagi mazkur birinchi ilmiy-tadqiqot markaz a’zolari Misr davlati tomonidan ta’minlangan hamda o‘zlari qiziqqan istalgan ilm bilan shug‘ullangan. Ularning ixtiyorida 700 mingdan ortiq kitobni o‘zida jam etgan eng katta kutubxona, botanika va hayvonot bog‘i bo‘lgan. Qo‘shni Faros orolida esa dunyoning yetti mo‘jizasidan biri — 100 metrli mayoq bor edi. U yerda observatoriya va anatomiya bilan shug‘ullanuvchi tadqiqot markazi joylashgandi.
Shu boisdan grek olamidagi barcha olimlar Iskandariyaga oshiqqan. Ular orasida faylasuf Straton, geometriya otasi Yevklid, astronom Aristarx ham bor. Intellektuallar olamida Arximed o‘zining taqiqot faoliyati bilan shug‘ullangan.
Arximed Yevklid “Ibtido”si bilan Sirakuzada yashagan davridayoq tanishgan. Ammo aynan Iskandariyada u olimning shogirdlari bilan muloqotda bo‘lib, geometriyani batafsil o‘rganishga kirishgan. Muzeydagi faoliyat unga yangi bilim olish va do‘stlar orttirishga xizmat qilgan.
Ular orasida eng yaqinlari matematiklar Konon va Eratosfen edi. Konon ham Yevklidning shogirdi bo‘lib, Arximedning sodiq do‘sti hisoblangan, biroq tarixiy manbalarda Arximed uni do‘st emas, ustoz sifatida ko‘rgani keltiriladi.
Kirenlik Eratosfen esa Iskandariyaga Arximeddan oldin kelgan va nafaqat matematik, balki geograf va astronom sifatida ham nom qozongan. Yerning sharsimon ekani haqidagi tasavvurlarga qo‘shilgan holda u birinchilardan bo‘lib sayyoraning radiusi va aylanasini o‘lchashga uringan. Eratosfen keyinchalik Muzey kutubxonasi direktoriga aylangan. Arximed Eratosfendan 10 yosh katta bo‘lgan, ammo bu ularning do‘stligiga hech qanaqa ta’sir o‘tkazmagan.
Bizga qadar Arximedning Erotosfen va Kononga yozgan maktublarida saqlanib qolgan. Konon o‘limidan keyin Arximed uning shogirdi Dosifey bilan yozishib turgan.
“Arximed vinti”
Arximed o‘zining ilmiy faoliyati avvalida otasi yo‘lidan borib astronomiya bilan shug‘ullangan, biroq yosh olim bunda o‘zligini topa olmagan. Falsafa va matematika eng yuqori bilim manbai hisoblangan, ilmiy muhitlarda bo‘lsa amaliyotdan kam foydalanilgan. Shu bois mexanika u davrda yuqori ilm-fan doirasiga kiritilmagan. Shuning uchun ham Demokrit kabi materialist faylasuflar Iskandariya olimlari tomonidan qadrlanmagan.
Arximed ular orasida o‘ziga xos “oq qarg‘a” edi, shuning uchun Iskandariyaga ko‘chib o‘tganidan keyin ham mexanika bilan shug‘ullanishini barchaga ovoza qilmagan. Uning o‘sha vaqtdagi ixtirolaridan biri “Arximed vinti” nomini olgan.
U pastdagi suvni yuqoriga ko‘tarishga xizmat qiladigan qurilma hisoblanadi. Qiya joylashtirilgan silindr osti suvga tushiriladi. Ichiga esa vint shaklidagi spiral joylashtiriladi. Uni aylantirish orqali suv pastdan silindr tepasiga chiqadi. Suvni bu kabi yuqoriga chiqaruvchi vint Nil yaqinidagi yerlarda foydalanilgan va Misrda mashhurlikka erishgan.
Ammo bu Iskandariya olimlari orasida Arximed obro‘siga obro‘ qo‘shmagan. U vaqtlarda qishloq xo‘jaligi ishlarining katta qismi qullar tomonidan amalga oshirilgan, ularning mehnat sharoitini esa yaxshilashga hech qanday ehtiyoj yo‘q edi. Bundan tashqari, qullar ishini yengillashtiradigan mexanizmlar nafratni yuzaga keltirgan. Qul — bu qul, o‘gir ishlarni qilishi kerak, ozod insonlar esa san’at, dunyoni tanish va boshqa hurmatga sazovor ishlar bilan shug‘ullanishi kerak deya hisoblangan.
Kashfiyotlar, ixtirolar, teoremalar…
Uzoq yillar vatanidan uzoqda hayot kechirgan Arximed Sirakuzaga qaytishga qaror qiladi. Bu kabi qaror kutilmagan edi. Iskandariyaga kelgan deyarli barcha olimlar umrining oxiriga qadar shu yerda qolishni istardi: muhit ijodkorlar olami uchun a’lo darajada tashkil etilgan edi. Olimlar ixtiyorida dunyodagi eng katta kutubxona bo‘lgan, davlat ularning ilmiy tajribalari xarajatlarini qoplab bergan; oziq-ovqat haqida bosh qotirishga hojat yo‘q edi. Bu ko‘pchilikning orzusi hisoblangan!
Ammo Arximed Muzeydagi muhitdan siqilgan ko‘rinadi. Iskandariyada olimlar faqat “sof” ilm bilan shug‘ullangan, turli nazariyalarni yaratgan, teoremalarni isbotlagan, ularni amaliyotda qo‘llash haqida esa o‘ylab ham ko‘rishmagan. Sirakuzada Gieron II hukmronligi davrida Arximed bu turdagi kamsitilishlardan va Iskandariyada yashash uchun kerak bo‘ladigan barcha sharoitlardan xoli edi, shu sababdan ham o‘ylagan istalgan ishlarini amalga oshira olgan.
Uyga qaytishi bilan u matematik tadqiqotlar bilan shug‘ullanishni boshlagan va bu ishlar π sonining ochilishi bilan yakunlangan. Arximed doiraning yuzini hisoblashga qaror qiladi va uning ichiga teng tomonli oltiburchak joylashtirib, maydonini hisoblaydi. Shundan keyin u doira ichiga 12, 24 va nihoyat 96 burchakli ko‘pburchaklarni joylashtirib, har birining yuzini hisoblagan. Shunday qilib, ko‘pburchakning maydoni doiraning maydoniga yaqinlashganda, π sonining taxminiy qiymati olinadi. Arximed doira ichiga muntazam 96 burchakli burchakni chizgan, natijada shunday qiymat hosil bo‘ldi: 3,140 <π< 3,14.
Doira yuzini hisoblash usulini yaratish orqali u osonlik bilan aylana uzunligini ham hisoblay olgan. Agarda aylana juda ingichka segmentlarga bo‘linsa, to‘rtburchakni yodga soluvchi shakl paydo bo‘ladi. Yangi formula orqali esa doira yuzi hisoblagan Arximed uning uzunligini o‘lchay boshlaydi. Arximedning mazkur kashfiyoti matematikadagi eng muhim yangiliklardan hisoblanadi.
Plagiatga qarshi kurash
Sirakuzaga qaytgan Arximed Iskandariyadagi ayrim olimlar bilan yozishmalarini davom ettirgan. Ularning barchasi ham to‘g‘ri so‘zli, halol insonlar emasdi va plagiatning oldini olish uchun Arximed o‘z matnlarini koyne grek tilida emas (zamonaviy grek tili shunga asoslangan), balki sirakuzaliklarning ona tilida yozgan. Arximed bu orqali kashfiyotlarini o‘zlashtirib olmoqchi bo‘lganlarni fosh etishni niyat qilgandi.
Arximed bugungi kunda g‘alati tuyulgan mavzu — “Qum zarralarini hisoblash” (“Psammit”) bilan shug‘ullangan. Olim butun koinotni to‘ldirishga yetadigan qum zarralari sonini hisoblashga uringan. Cheksiz raqamlarga yaqinlashgani sabab Arximed o‘zining katta raqamlarni ifodalovchi tizimini yaratgan. U vaqtda koinot hozir biz bilgan tasavvurdan kichikroq hisoblangan. Arximed uning o‘lchamida buyuk astronom Aristarx Samosskiy tomonidan hisoblangan raqamlarga ishongan. Koinot o‘lchami va qum zarrasi o‘lchamini bilgan holda u butun koinotni to‘ldirishga yetadigan qum miqdorini hisoblashga uringan. Paydo bo‘lgan raqam esa 1063 edi.
Arximed tasavvur qilish qiyin bo‘lgan raqamlar bilan ishlagani bois uning tadqiqotlarini ko‘plab zamondoshlari hazm qila olmagan. Uning tanqidchilaridan biri iskandariyalik matematik Apolloniy Pergskiy edi. U o‘zining “Konus kesimi” kitobi bilan mashhurlikka erishgan va katta raqamlar borasida qator tadqiqotlar muallifi hisoblangan. Apolloniy Arximedning “qum zarralarini hisoblash” ishini u bilan qiziqib ham ko‘rmasdan tanqid qilgan. “Bilimga qarshi bilim bilan kurash”, — deya tanqidchiga javob qaytargan Arximed.
Arximed o‘z tadqiqotlari bilan shug‘ullanib, Iskandariyadagi olimlar bilan yozishib yurgan bir payda urush boshlangan. Orolning shimoli-sharqida, Appenin yarim oroliga eng yaqin nuqtada Messana shahri (hozirgi Messina) joylashgandi. U 20 yildan buyon italiyalik yollanma askarlar — mamertinlar nazorati ostida bo‘lgan. Eramizdan avvalgi 264-yilda Sirakuza shohi Gieron II Karfagen qo‘llab-quvvatlovi ostida Messanani egallashga uringan. Bunga javoban mamertinlar Rimga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Bu esa ikki buyuk derjava — Rim va Karfagen o‘rtasida urush boshlanishiga olib kelgan. 23 yil davom etgan urushdan keyin Rim g‘alaba qozongan va butun Sitsiliya bo‘ylab nazorat o‘rnatgan. Shu bilan birga, Gieron II o‘z vaqtida g‘olib tarafiga o‘tib olgan va natijada Sirakuzani deyarli zarar yetkazilmagan holatda saqlab qolgan. Urush yakunlangan vaqtda Arximed 46 yoshda edi.
Yerni joyidan qanday siljitish mumkin
Bu vaqtda Arximed o‘z izlanishlarini davom ettirardi. U tarozida yuklarni tortish masalasida bosh qotirgan. Olim o‘ziga o‘zi savol bergan: “Katta va kichik toshni muvozanatga keltirish uchun tayanch nuqtasini qayerga joylashtirish kerak?” Tabiiyki, og‘irroq tosh tayanch nuqtasiga yaqin joylashishi kerak, kichigi esa uzoqroq. Ammo Arximed ushbu masalani matematik jihatdan yeshishni xohlagan.
Yukdan tayanch nuqtasigacha bo‘lgan masofaning ko‘paytma kuchi fizik kattalik bo‘lib, “kuch momenti” deb ataladi. Arximed “Yassi jismlarning muvozanati” ishida turli og‘irlikdagi ikki yukning moment kuchlari teng bo‘lsa, ular muvozanatda bo‘lishini isbotlab bergan.
Tayanch nuqtasiga ega arg‘imchoqni olaylik. Agarda ulardan birining yelkasini uzunligi boshqasinikidan 10 barobarga uzun bo‘lsa, birinchi yelkaga berilgan kuch ikkinchisining faqat 1/10 masofaga ko‘taradi. Shu bilan birga kalta tomonga uzuniga nisbatan 10 barobar ko‘p kuch sarflanadi. Shunday ekan richag yordamida biror predmetga ta’sir ko‘rsatadigan kuchni bir necha barobarga oshirish mumkin.
Arximed ushbu qoidadan istalgan amaliyotda foydalanish mumkinligini tushunib yetadi. Tayanch nuqtasiga ega juda uzun arg‘imchoq yordamida har qanday yukni harakatga keltirish mumkin. Shu sababdan ham olim o‘zining mashhur gapini aytadi: “Menga tayanch nuqtasini bering, Yerni siljitaman”.
Shoh Gieron II Arximedga biror og‘ir yukni siljitish orqali o‘z nazariyasi to‘g‘riligini isbotlashni so‘raydi. Arximed bandargohda turgan kemalardan birini yuk va odamlar bilan to‘ldirishni iltimos qiladi. Uni joyidan siljitish uchun ko‘plab erkaklar ter to‘kishi kerak edi.
Arximed rijaglar kabi ishlaydigan murakkab g‘ildirakli uzatmani yasaydi. Undan arqon o‘tkazilib, kemaga bog‘langan, shundan keyin Arximed arqonni tortganida kema joyidan siljigan. Shunday qilib, nazariya amaliyotda qo‘llanila boshlangan. Texnik mo‘jizani ko‘rgan shohning Arximedga bo‘lgan ishonchi yanada ortgan.
Urush va qurollanish
Eramizdan avvalgi 218-yilda Ikkinchi Pun urushi boshlanadi. Sirakuza aholisini og‘ir sinovlar kutib turardi. Harbiy harakatlar asosan Italiya hudida amalga oshirilgan: karfagenlik jasur sarkarda Gannibal u yerda Ispaniya orqali o‘tib borgan va birin-ketin Rim qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozongan. Rimning ko‘plab ittifoqchilari xavotirga tushib, Karfagen tarafiga o‘ta boshlaydi.
Gieron II ning merosxo‘ri bo‘lgan Gieron ham Rimga xiyonat qiladi. Ammo Gannibalda Rimni qamal qilishga kuch qolmaydi, shu bois u Italiya bo‘ylab harakatlanib, sekin-asta tashabbusini so‘ndiradi. Gannibal bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlardan qochgan rimliklar isyonchilar ustidan yana hukmronligini o‘rnatishga kirishgan. Eramizdan avvalgi 214-yilda Sirakuzaning navbati kelgan: Appiy Klavdiy va Mark Klavdiy Marsellar qo‘mondonligi ostida bo‘lgan 20 ming kishilik Rim armiyasi Sirakuzani dengiz va quruqlikdan qurshovga oladi.
Eramizdan avvalgi 215-yilda vafot etgan Gieron II o‘limidan oldin Arximeddan urush yuz bergudek bo‘lsa, Sirakuzani himoya qilishga qodir jangovar mashinalar yaratishni so‘ragan. Arximed nimadir yaratishga muvaffaq bo‘ladi…
Rim qo‘shinlari qal’aga quruqlikdan hujum qilishga tayyorlangan. Bundan tashqari, harbiy kemalar qirg‘oq bo‘yida saf tortib, qal’a devorlariga yaqinlashgan. Rimliklar o‘zlarini nimalar kutayotganini sezmasdi.
Ular bir nechta katta kemalarni bir-biriga bog‘lab, qal’a devorlariga ulkan narvonlarini joylashtirishga, shu orqali jangchilarni shaharga kiritishga uringan. Rimliklar narvonlarni devorga o‘rnatishi bilan ular tomon ulkan toshlar yog‘ilib, kemalarini cho‘ktirib yuborgan yoki yakson qilgan. Quruqlikdan hujumga kelgan jangchilarni ham xuddi shu taqdir kutgan. Qayta hujumlar davomida devorlarga yaqinlashganlarida uzoq masofaga qo‘rg‘oshin va tosh otuvchi mashinalar qarshiligiga uchragan. Bundan tashqari, devorlar ortidan laylak tumshug‘ini yodga soluvchi temir changaklar paydo bo‘la boshlagan. U rimliklar kemalarining tumshuq qismini tutib olib, tepaga ko‘targan va keskin tashlab yuborgan. Natijada kemalar ag‘darilib ketgan, ba’zida yonboshlab qolgan yoki ichiga suv to‘lgan, natijada dengizchilar vahimaga tusha boshlagan.
Rimliklar kechqurun hujum uyushtirishga uringan, biroq ular yana qarshilikka uchragan, chunki Arximed urushning shunday tus olishi mumkinligini kutgandi: yaqin masofaga mo‘ljallangan “chayonlar” tayyor turgan — ular dushmanga nayzalarni uloqtirgan.
Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sirakuza aholisi dushman kemalarini yoqib yuborishda ko‘zgular tizimidan foydalangan, ammo bu ishonchli emas — chunki ushbu manbalar nisbatan keyin paydo bo‘lgan, mazkur urushga oid dastlabki manbalarda bu haqda hech narsa yozilmagan.
Nima bo‘lganda ham rimliklarning Sirakuzani egallash rejasi amalga oshmaydi. Ular Arximedning dahshatli mashinalariga qarshi hech qanday chora topa olmaydi va qamalni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
Bunday mag‘lubiyat ortidan Arximedning ismi rimlik legionerlar orasida mashhur bo‘lib ketadi. Shahar devorida birgina arqon yoki to‘sinning paydo bo‘lishi ham ularni qo‘rquvga sola boshlagan: axir bu Arximedning navbatdagi yangi mashinasi bo‘lishi mumkin edida. Sirakuzaning qarshiligidan hayratga tushgan Marsell olimni Gomerning “Iliada” dostonida keltirilgan yuzta qo‘lli Briareyga qiyoslagan. Shundan keyin shahar ikki yil davomida hech qanday hujumga uchramagan, rimliklar shaharliklarni ochlik bilan yengishga qaror qilgan.
“Chizmalarimga teginma!”
Bir safar rimliklar qamalga olingan shaharni tark etishga uringan spartalik Damippni qo‘lga oladi. Sirakuza fuqarolari uni sotib olishga urinadi, Rim sarkardasi Marsell esa spartalikning taqdiri borasida muzokaralar o‘tkazishni boshlagan. Bu unga shahar devorlariga yaqinlashish imkonini berardi. Minorlardan biri boshqalariga qaraganda zaifroq qurollanganini payqagan Marsell aynan shu yerga hujum uyushtiradi.
Natijada rimliklar Sirakuzani egallashga muvaffaq bo‘ladi. Hujum yunon xudosi Artemida bayrami kunida uyushtirilgan. Shu kuni Sirakuza aholisi ko‘ngilxushlik qilib, mast holatda bo‘lgani sabab xushyorlikni yo‘qotgan.
Tunda rimliklar yashirincha qal’a devorlariga ko‘tarilgan va shahar ichiga kirgan. Shahar ichida yana bir ichki devor bor edi, biroq ko‘p o‘tmay u ham ishg‘ol etilgan. Marsell shahar ichida rimliklar tarafida bo‘lgan fuqarolar bilan aloqa o‘rnatib, o‘zlariga ko‘mak oladi. Shundan keyin dahshatli qirg‘in boshlangan va natijada Arximed ham o‘ldirilgan. Keyinchalik rimlik tarixchilar, ayniqsa, Plutarx Rim askarlarining mahalliy aholini qirib tashlaganini yumshoqroq ta’riflashga uringan, xususan, sarkarda Marsell Arximedni qutqarmoqchi bo‘lganini yozgan.
Arximedning o‘limi
Olimning o‘ldirilishi ko‘plab qadimgi Rim tarixchilari tomonidan qariyb she’riy asarlarga aylantirib yuborilgan. Arximed bu dunyoning odami emas deya ta’riflangan — xuddiki u mo‘jiza mashinalarini boshqalarga qarshi urushish maqsadida emas, balki ilmga bo‘lgan qiziqishidan yaratgan. Bundan tashqari, rimliklar shaharga bostirib kirib, ommaviy qotilliklarni amalga oshirganida ham Arximed atrofida nima bo‘layotganini his qilmagan holda, xotirjam tadqiqotlarini davom ettirgan.
Versiyalardan biriga ko‘ra, yerning o‘zida bir nimalarni chizib o‘tirgan Arximed yoniga yaqinlashgan rimlik jangchiga “Chizmalarimga teginma!” degan va shundan keyin joyida o‘ldirilgan.
Plutarx yanada ta’sirli bo‘lgan uchta hikoyani keltiradi.
Birinchi variant. Rimlik askar Arximedning yoniga kelib, undan Marsellning yoniga borishni talab qiladi. Olim qandaydir teorema isbotini yakunlab olishini kutishini so‘ragan va buning uchun o‘ldirilgan.
Ikkinchi variant. Jangchi Arximedning uyiga shunchaki o‘ldirish va talon-toroj qilish maqsadida keladi. Olim masalani yechib olguniga qadar kutib turishini so‘raydi, biroq rimlik qilichini qonga belagan.
Uchinchi variant. Matematik uskunlarini to‘plagan Arximedning o‘zi Marsellning yoniga yo‘l oladi, biroq uning yo‘lidan chiqqan rimlik jangchilar olimning sandig‘ida oltin bor deb o‘ylab, uni o‘ldiradi.
Ushbu versiyalarning barchasi haqiqatdan uzoq, chunki bular orqali tarixchilar Rim davrini yumshatishga uringani yaqqol ko‘zga tashlanadi.
“Arximed qonuni”
Afsonaga ko‘ra, hammomdan qip-yalang‘och chiqa solib, saroy tomon yugurarkan, qadimgi yunon olimi Arximed “Evrika!”, deya baqirardi. Yunon tilida bu so‘zning ma’nosi “Topdim!” degani. Shoh Gieron II olimga, o‘z tojining sof oltindan yasalganmi yoki yo‘q, shuni aniqlashni topshiradi. Shartga ko‘ra, olim tojni o‘ziga ziyon yetkazmasdan turib, uning metalli sof tilladanmi, yoki biror boshqa arzonroq metall, masalan, mis/kumush qo‘shilganmi — shuni aniqlashi kerak edi. Tojni tarozida tortib ko‘rish Arximedga qiyinchilik tug‘dirmagan. Lekin masalani hal qilish uchun shuning o‘zi yetarli emasdi. Shuningdek, olim tojning hajmini ham o‘lchashi va bu orqali metallning zichligini aniqlab, natijada uning sof oltindan ekanini bilib olishi mumkin bo‘lgan.
U bu masala ustida juda ko‘p bosh qotirgan. Aytishlaricha, boshi qotgan Arximed biroz chalg‘ish va tin olish uchun hammomga tushadi. U vannaga suv to‘ldirib, ichiga butun tanasi bilan sho‘ng‘iydi. Olim suv to‘la vannaga tushishi hamonoq, vannadan muayyan suv toshib chiqib ketganini ko‘radi. Shu lahzada uning miyasida yarq etib yangi fikr chaqnadi va u “Evrika!”, deya baqiradi. Bunda Arximed vannaga tushgach, undan olimning tanasi hajmiga teng hajmdagi suv toshib chiqib ketgan edi. Shu tariqa u podsho qo‘ygan masalaning yechimini topgan edi va afsonaning eng keng tarqalgan talqiniga ko‘ra, xursand bo‘lganidan, hatto kiyinishni ham unutib, yalang‘och holda saroyga yugurib borgan ekan.
Bu voqeani qanchalik “afsona” deb atalmasin, unda aniq va muhim bir haqiqat bor: suyuqlikka botgan jism o‘z hajmiga teng hajmdagi suyuqlikni itarib chiqarishi va unga bog‘liq holda jismlarning suzish qonuniyatlarini aynan Arximed kashf qilgan. Unga ko‘ra, agar qattiq jism suyuqlikka botirilsa, u suyuqlikka botib turgan qismning hajmiga teng hajmdagi suyuqlikni siqib chiqaradi. Suyuqlikning siqib chiqarilgan qismiga ta’sir qilgan bosim, endilikda, unga botib turgan qattiq jismga ta’sir qiladi.
Izoh (0)