XIX asr oxirida bir vaqtlar turk sultonlarining buyuk davlati bo‘lgan Usmonlilar imperiyasi og‘ir damlarni boshdan kechirar edi. Parchalanish xavfi ostida bo‘lgan davlat iqtidorli harbiy strateg va siyosatchi Mustafo Kamol Otaturkning sa’y-harakatlari bilan mustaqilligini saqlab qoladi. Mustaqil Turkiyaning birinchi prezidentiga aylangan Otaturk o‘z davri uchun qator keskin va qat’iy islohotlarni amalga oshirgan: kuchli turk armiyasini yaratgan, ayollar va erkaklar huquqlarini tenglashtirgan, yangi lotin alifbosini joriy etgan. Islohotchi “Bizning yagona yo‘limiz — Yevropa”, gapini ko‘p takrorlar edi. Otaturk xalqining o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda dunyoviy, deyarli Yevropa davlatini qurishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zgarishlar doim ham silliq kechmagan: siyosatchi raqiblari va dushmanlari tomonidan ko‘plab qarshiliklarga uchragan. Ammo Otaturk jasur va mustaqil edi, u to‘g‘ri deb bilgan o‘z yo‘lidan og‘ishmagan. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida buyuk islohotchining taqdir yo‘llari haqida hikoya qiladi.
Vatan uchun berilgan jon
Ko‘plab turk vatanparvarlari o‘z mamlakati konstitutsiyaviy monarxiya yoki islom davlati sifatida mashhur bo‘lishini orzu qilgan, biroq Otaturk Turkiyani respublikaga aylantirish yo‘lida kurashgan, u aynan shu kabi davlat shakli ozodlik va har bir inson uchun teng huquqlilikni taqim etadi deya hisoblagan.
1881-yili Usmonlilar imperiyasi nazorati ostida bo‘lgan Gretsiyaning Saloniki shahrida yashovchi Ali Rizo Afandi va uning rafiqasi Zubayda Xonim oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keladi — unga Mustafo ismini qo‘yishgan. Oilada Mustafo va uning kichik singlisidan boshqa biror farzand balog‘at yoshiga yetmasdan vafot etgan.
Mustafoning aniq tug‘ilgan kuni sanasi noma’lum, chunki bu vaqtda mamlakatda hali Grigoryan kalendari qabul qilinmagan edi. Usmonlilar imperiyasi oy fazalariga asoslangan hijriy taqvim bo‘yicha ish ko‘rgan. Onasining aytishicha, u bahorda dunyoga kelgan, natijada Otaturk o‘zining tug‘ilgan kuni sifatida 19-mayni — Turkiya mustaqilligi uchun kurash boshlangan sanani tanlagan.
Ichki inqiroz va Yevropa derjavalari bosimi ostida qator hududlaridan ayrilgan Usmonlilar imperiyasi Shimoliy Afrika, Arabiston yarimoroli, Bolqon yarimoroli va zamonaviy Gretsiya hududining yarmini nazorat qilishni davom etgan.
Mustafo juda serg‘ayrat va tez jahli chiqadigan xarakterga ega edi. Ammo tengdoshlari yoki singlisi bilan muloqotda u yolg‘izlik va mustaqillikni ma’qul ko‘rgan. U atrofidagilarning fikriga toqatsiz bo‘lib, murosaga bormas va doim tanlagan yo‘li bo‘yicha ketishga intilardi. O‘ylagan narsasini ochiqcha aytish tabiati Mustafoga umrining keyingi yillarida ko‘plab muammo keltiradi, u o‘zida dushmanlar orttiradi.
Mustafoning onasi o‘g‘lining Qur’on o‘qishini istagan, ammo turmush o‘rtog‘i Ali Rizo bolaga ko‘proq zamonaviy bilimlar berish tarafdori bo‘lgan. Er-xotin bu borada hech kelisha olmagan, shu boisdan Mustafo maktab yoshiga yetganida avvaliga uni Hofiz Mehmet Afandi maktabiga berishadi, keyinroq otasining talabi bilan esa bolakay Salonikidagi Shamsi Afandining zamonaviy maktabiga o‘tkaziladi va u shu yerda boshlang‘ich ta’limni oladi.
Harbiy maktab
1888-yili Mustafo yetti yoshga to‘lganida otasi vafot etadi. Zubayda o‘g‘li va qizi bilan akasi Xusayn Afandining uyiga ko‘chib o‘tadi, ko‘p o‘tmay ikkinchi bor turmush quradi. Bu kabi ko‘chishlar sabab Mustafo maktabdagi ta’limida uzilishlar bo‘ladi, ammo ona o‘g‘li o‘qishni davom ettirishini xohlab, uni yana Salonikiga yuboradi.
Shamsi Afandining maktabini tamomlagan Mustafo Saloniki shahridagi ma’muriy o‘rta maktabda o‘qishni davom ettiradi, biroq tez orada harbiy maktabga kirish uchun uni tashlab ketadi. Bu uning shaxsiy qarori bo‘lib, u haqida biror qarindoshi, hatto onasi bilan ham maslahatlashmagan. Mustafo maktabda o‘z zakovati, mehnatkashligi va iqtidori bilan ajralib turgan. Bu yerda o‘smir o‘zining ikkinchi ismini olgan. Tarix va xorij tillarini yaxshi o‘zlashtirgan, matematikadan esa ajoyib natijalarni ko‘rsatgani uchun Mustafo Afandi ismli o‘qituvchi uni ajratib ko‘rsatish maqsadida “Kamol” (mukammal, yetuk ma’nosida) deya atay boshlagan.
1896-yilda harbiy maktabni tamomlagan Mustafo Kamol Manastir shahridagi harbiy bilim yurtida o‘rta ta’limni davom ettiradi. Harbiy maktabda kadetlarning siyosiy qarashlari shakllana boshlagan va bu Mustafoga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Usmonlilar imperiyasi Krit orolidagi inqilobiy isyonni bostirish bilan shug‘ullangan bir vaqtda Manastir frontga imperiya qo‘shinlarini yuboradigan yig‘in markazi vazifasini o‘tagan.
Mustafo bilim yurtida o‘ziga katta ta’sir ko‘rsatgan ikki do‘st orttiradi. Ulardan biri Umar Naji bo‘lib, u Kamolni adabiyotga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otgan, o‘zi esa keyinchalik taniqli notiqqa aylangan. Ikkinchisi — Ali Fethi, u Mustafoda liberal-millatchilik qarashlari shakllanishiga xizmat qilgan.
Adabiyotga, birinchi navbatda inqilob ruhi mavjud asarlarga bo‘lgan qiziqish Mustafo Kamol harbiy bilim yuritini tamomlagandan keyin ham tark etmagan. 1899-yilda Kamol Istanbul harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirganida ham fransuz inqilobchilari — Russo, Monteskye va Volter asarlarini o‘qishni to‘xtatmagan. Bundan tashqari, Mustafo viloyatlardan keskin farq qiluvchi poytaxt hayotiga sho‘ng‘ib ketgan. U vaqtda Istanbul Bosfor ko‘rfazi qirg‘oqlari bo‘ylab yoyilgan internatsional shahar edi: portlar ulkan dengiz kemalariga to‘lib toshar, ko‘chalarda esa dunyoning istalgan chekkasidan bo‘lgan insonlarni uchratish mumkin edi. Ammo birinchi navbatda bilim olishdan chalg‘imagan Mustafo Kamol kamdan kam hollarda ko‘ngilxushlik qilardi. Yigitcha bilim yurtini a’lo bahoga tamomlab, leytenant harbiy unvonini oladi, shundan keyin harbiy akademiyaga o‘qishga kiradi. Bu yerda u do‘stlari bilan “Vatan” nomli maxfiy jamiyat tuzadi. Guruh a’zolari amaldagi hukumat yuritayotgan siyosatni ochiqdan ochiq tanqid qilgan hamda odamlarni inqilobiy harakatlarga chaqirgan. O‘qishning uchinchi yilida jamiyat a’zolari fosh bo‘ladi va Kamol bir necha oy hibsda qoladi.
Damashqdagi xizmat
1905-yil yanvarda Mustafo Kamol akademiyani shtabs-kapitan lavozimi tamomlaydi va Usmonlilar armiyasida xizmatini boshlaydi. Albatta, uning inqilobiy kayfiyatdagi guruhga a’zo bo‘lgani o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi, yigitning muvaffaqiyatlariga qaramay Kamol vatanidan uzoqqa — Damashqdagi 5-armiyada xizmat qilishga yuboriladi. Ushbu armiyaning vazifasi Livanning janubiy tog‘li hududlarida yashovchi ismoiliylar isyonini bostirish bo‘lgan. Askarlarga yetarlicha bilim bera olmagani, qo‘mondonlikning umumiy hisob-kitoblarda xatoliklarini ko‘rib, armiyadan tezda ko‘ngli soviydi. Bundan tashqari, isyonchilar kuchli dushman bo‘lib chiqadi. Ularning mutazam armiyasi bo‘lmagan, partizanlik bo‘linmalari esa kutilmaganda zarba berib, aholi orasida izsiz yo‘qolib ketavergan. Bu kabi “ushlab bo‘lmas” urushda qatnashish juda qiyin edi, buning ustiga Usmonli armiyasining kiyim-kechak va qurol-yarog‘lari yetarlicha bo‘lmagan. Turk askarlari muntazam ravishda qurshovda qolishdan qo‘rqib kelgan. Yosh Mustafo Kamol isyonchilarga qarshi o‘z uslubida jang qilishni boshlaydi — partizanlar bazasi sifatida xizmat qilgan qishloqlarni tizimli ravishda yo‘q qiladi va keskin harakatlari orqali qo‘mondonlik e’tiboriga tushadi.
“Vatan va ozodlik”
1906-yilda Mustafo Kamol o‘ziga o‘xshagan yosh ofitser bo‘lgan bir necha ishonchli do‘stlari bilan “Vatan va ozodlik” inqilobiy jamiyatiga asos soladi. Jamiyat a’zolari Kamol kabi Abdulhamid II siyosatidan norozi edi. Usmonlilar imperiyasining 34-sultoni 1876-yilda konstitutsiyani imzolashi va e’lon qilishi sharti bilan taxtga o‘tirgandi. Avvaliga u shunday qilgan, boshqaruvining dastlabki kunlarida qo‘l ostidagilar muhabbatiga sazovor bo‘lgan. Ammo 1878-yilda sulton konstitutsiyani bekor qilib, despotik boshqaruv rejimini joriy etadi.
Usmonlilar imperiyasi xorijliklar bosqinining jiddiy xavfi ostida qolgan, soliq to‘lovchilarning barcha pullari esa Yevropa banklariga qarzni to‘lashga ketardi. Aksariyat turklar bunda Abdulhamid II ni ayblagan. 1905-yilda u o‘ziga uyushtirilgan suiqasddan baxtli tasodif orqali omon qolgandi. “Vatan va ozodlik” sultonni ag‘darishni maqsad qilgan ko‘plab inqilob tashkilotlarning biri edi xolos. Kamol uchun harakatsizlik chidab bo‘lmas holat edi: Suriya imperiyaning uzoq viloyati hisoblangan, u esa voqealar rivoji avj olgan hududda bo‘lishni istardi. Do‘sti Ali Fethining so‘zlariga ko‘ra, Kamol o‘zining Bolqonga xizmatga yuborilishini juda xohlagan va 1907-yilda armiyadagi ijobiy faoliyati sabab o‘z maqsadiga erishgan. Mustafo Kamolning unvoni oshirilib, Manastirdagi 3-armiyaga yuborilgan.
“Ittihod va taraqqiyot”
Mustafo Kamol Manastirga kelgan vaqtida mamlakatda vaziyat ancha o‘zgargandi. Siyosiy sahnani inqilobiy kayfiyat o‘rniga kuchli siyosiy tashkilot — “Ittihod va taraqqiyot” keladi. Aslida ushbu jamiyatning aksar qismini yosh turklar tashkil etadigan ko‘plab turli birlashmalardan iborat edi va ularni mamlakatdagi siyosiy rejimni o‘zgarish maqsadi birlashtirgan. 1908-yilda partiya faoliyati Kamolning harbiy akademiyadagi kursdoshi Anvarbey nazorati ostiga o‘tadi.
Mustafo Kamol avvaliga tashkilot qudratiga shaydo bo‘lib, unga qo‘shiladi, ammo tez orada uning beqarorligi, partiya yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotgan utopik siyosiy dasturdan hafsalari pir bo‘ladi. O‘z tabiatiga xos ravishda Mustafo Kamol Anvarbeyning faoliyatini ochiq tanqid qilgan, natijada u a’zoligini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Tez orada mamlakatdagi vaziyat tubdan o‘zgaradi, keng ko‘lamli inqiloblar sodir bo‘lishi aniqlashadi.
1908-yilda yosh ofitser Ahmed Niyoziy o‘z tarafdorlari bilan hukumatga qarshi isyon boshlab, konstitutsiyani tiklashni talab qiladi. Sharqiy Makedoniyadagi inqilobga boshchilik qilgan Anvarbey ham unga qo‘shiladi. Qurollangan bo‘linmalar Istanbul tomon harakatlanadi. Bu vaqtda Mustafo Kamol avvalgidek ushbu inqilobning muvaffaqiyatiga u qadar ishonmagan holda odatdagi harbiy xizmatni davom ettirardi.
Kutilganidek, isyondan xabar topgan Abdulhamid II zudlik bilan ularga qarshi qo‘shin yuboradi. Ammo voqealar kutilmagan tus oladi. Hukumat qo‘shinlari poytaxtni tark etishi bilan isyonchilar tomoniga o‘tib olgan. Sulton tomonidan yuborilgan keyingi diviziya bilan ham shu kabi holat sodir bo‘ladi va uning konstitutsiyani tiklashdan boshqa iloji qolmaydi. Ammo qayta chaqirilgan parlamentda yosh turklar o‘zaro kelishmay qoladi. Endilikda faqat ramziy sulton maqomini saqlab qolgan Abdulhamid II bu kabi “tartibsizlik”dan foydalanib, o‘z mavqeini mustahkamlab oladi.
1909-yilda u konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadida to‘ntarish tashkillashtiradi va Istanbul bir necha kun davomida sulton qo‘shinlari nazoratida qolgan. Bu vaqtda isyonni bostirishga mas’ul shtab boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Mustafo Kamol Istanbul tomon harakat vaqtida armiyani boshqarishda muhim qarorni qabul qiladi. Yashirin yig‘ilishda Abdulhamid II hokimiyatdan chetlatiladi va surgun qilinadi, taxtga esa uning ukasi Mehmed V o‘tiradi. Ammo bu bilan ahvol yaxshilanib qolmaydi, imperiyada ichki muammolar, nizolar tobora ortadi.
Bolqon urushi
Anvarbeyning to‘ntarishi bostirilganidan keyin u Berlinga harbiy attashe sifatida yuboriladi. U nemis armiyasining tashkillashtirilganidan hayratga tushib, Germaniya va Turkiya harbiy munosabatlarini mustahkamlash maqsadida turk armiyasini takomillashtirish uchun bir necha nemis ofitserlarini taklif qiladi.
Mustafo Kamol Yevropa derjavalari Turkiyani o‘z nazorati ostiga olishidan xavotirlanib, bunday siyosatga ochiq qarshilik bildira boshlaydi. Ammo 1911-yilda Italiya Liviyaga hujum qilib, uning bir qismini egallab oladi. Kamol shu zahoti Liviyadagi operatsiyada ishtirok etish uchun Istanbulni tark etadi: u Tobruk tumanida ko‘ngillilar otryadiga rahbarlik qilgan. Liviyada Kamolning harbiy unvoni mayorga ko‘tariladi.
Bu vaqtda Ikkinchi Bolqon urushi sekin-asta Birinchi jahon urushiga aylanib ketadi. Antantaga a’zo davlatlar Usmonlilar imperiyasi Germaniya, Bolgariya va Avstriya-Vengriya tarafida bo‘lib jangda qatnashmasligi uchun bor imkoniyatini ishga soladi.
Mustafo Kamol ham Germaniya tarafida bo‘lib urushga qo‘shilishga qarshi bo‘lgan. Bu vaqtga kelib podpolkovnik harbiy unvonini olgan Kamol o‘zi harbiy attashe sifatida xizmat qilgan Sofiyadan Istanbuldagi harbiy vazirlikka rasmiy bildirgi yuborib, mamlakatni o‘z neytralligini saqlashga chaqiradi. Biroq urush orqali yo‘qotilgan imperiyani tiklash imkoniyatini ko‘rgan Anvar Posho Usmonlilar imperiyasi va Germaniya o‘rtasida harbiy ittifoqni tuzish bo‘yicha maxfiy bitimni imzolaydi. 1914-yil oktabrda Turkiya “markaziy derjavalar” bloki tomonidan urushga qo‘shiladi.
Mustafo Kamol shubhasiz, o‘z vatani uchun kurashishga shay bo‘lgan, biroq 1915-yil yanvarigacha, Sofiyada harbiy attashe lavozimidagi vakolat muddati tugagunga qadar biror harakatni amalga oshirmagan.
Usmonlilar imperiyasining qulashi
1916-yil yanvarga qadar Kamol Edirneda xizmat qilgan, keyinchalik Anvar Posho tomonidan Kavkazga, Rossiya armiyasiga qarshi kurashga yo‘naltirilgan. 2-armiyaning 15-korpusi qo‘mondonligini nazoratiga olgan Mustafo diviziya generali lavozimiga ko‘tariladi.
Kavkazga kelgan Mustafo Kamol turk armiyasining mudofaa chizig‘i butunlay tartibsiz ekani, atrofdagi shaharlarda esa rus qo‘shinlari joylashganini tushunib yetadi. Hech ikkilanmasdan qarshi hujumni boshlaydi. Keyingi besh kun davomida iqtidorli harbiy qo‘mondon boshchiligidagi ikki diviziya Turkiyaga ushbu mintaqadagi yagona g‘alabani keltiradi. Shundan keyin Mustafo Kamol 2-armiya qo‘mondoniga aylanadi, ammo Anvar Posho uni Suriyaga, so‘ngra Germaniya front chizig‘iga yuboradi. Mazkur safar davomida Mustafo Kamol betob bo‘lib qoladi va Venada davolanadi.
Antanta davlatlarining mag‘lubiyatiga mas’ul inson Mehmet V dan keyin taxtga o‘tirgan ukasi edi. Sultonni bosqinchilarga qarshilik ko‘rsata olmagani, ularning talablariga rozi bo‘lgani uchun ayblashgan. U Anvar Poshoni harbiy vazir lavozimidan olib tashlaydi va “Ittihod va taraqqiyot” partiyasini tarqatib yuboradi. Partiyaning ko‘plab a’zolari hibsga olinadi, sulton o‘z vazifasini bajara olmaydigan hukumatning davomchisi bo‘ladigan organni yaratishga kirishadi. Ushbu hukumatga armiyada katta obro‘ga ega, tartib-intizomni ta’minlaydigan rahbar kerak edi. Mustafo Kamol o‘tgan yillar davomida siyosiy neytrallikni saqlab kelgani sabab bu rolga mos kelgan, buning ustiga u urush qahramoni hisoblangan.
Tinchlik sari qadamlar
Turkiyaning harbiy muvaffaqiyatlari uning diplomatik sahnadagi holatini mustahkamlashga xizmat qilgan: 1921-yil oktabrda Fransiya va Italiya Anadolidan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Sovet Rossiyasi bilan imzolangan bitim Turkiyaning xalqaro imidjini yaxshilagan. 1922-yil 20-oktabrda Lozannada Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya va boshqa davlat vakillari ishtirokida tinchlik konferensiyasi o‘tkazilgan. Ushbu konferensiyada imzolangan bitim Turkiya mustaqilligini mustahkamlagan va uning chegaralarini aniq belgilagan.
Yangi respublika prezidentiga aylangan Mustafo Kamol zudlik bilan mamlakatni butunlay o‘zgartirib yuborishga xizmat qiladigan va uni zamonaviy Yevropa davlatiga aylantiradigan islohotlarni boshlab yuborgan. U 1924-yilda ratifikatsiya qilingan yangi konstitutsiyani qabul qilishga kirishadi. 1924-yil martda avvalgi musulmoncha tizim davlatnikiga o‘zgartiriladi. Shu kuni 1517-yildan beri Turkiyada saqlanib kelgan boshqaruv shakli — xalifalik tugatiladi.
Mustafo Kamol islomga bevosita aloqasi bor islohotlarni amalga oshirishda juda ehtiyotkor bo‘lgan. U arzimagan xato ham musulmon qatlamning qattiq noroziligiga sabab bo‘lishini yaxshi tushungan. Shu boisdan u musulmonlarning diniy qarashlariga teginmagan, uning islohotlari din va siyostat chegarasida aniq belgilangan edi. Modernizatsiya kodeksi ortidan kundalik ust-bosh borasida ham qonun qabul qilingan, bu ayollarga erkaklar bilan teng huquqni taqdim etgan va 1934-yilda ayollar birinchi marta parlament saylovlarida ishtirok etgan. 1928-yilda Turkiya g‘arb sanoq tizimi va lotin alifbosini joriy etadi. Mustafo Kamol respublikaning birinchi o‘qituvchisi deya e’lon qilingan. Turkiyani g‘arb davlatlariga yaqinlashtirgan: yangi jinoiy kodeks, xalqaro o‘lchov tizimi, kalendar joriy etilishi.
“Turklar otasi”
Otaturk tomonidan amalga oshirilgan islohotlar hammaga ham ma’qul kelmagan. Tez orada hukumatning Xalq respublika partiyasida muxoliflar va norozilar payfo bo‘la boshlagan. Ular orasida harbiy qo‘mondonlar, mustaqillik urushi qatnashchilari ham bor edi. Partiyani tark etgan norozilar Kozim Karabekir boshchiligidagi o‘z partiyasiga asos soladi.
Mustafo Kamol prezidentligi ikkita urush — Birinchi jahon urushi va Buyuk depressiya davriga to‘g‘ri kelgandi. Turkiya endigina shakllangan respublika edi va Kamol islohotlarga qarshilarni bostirib, mamlakatni kommunizm, fashizm va fundamentazilm kabi yangicha mafkuralardan himoyalagan. Kamolning harakatlari doim ham demokratik usulda bo‘lmagan bo‘lsada, u mamlakatda demokratiyaning mustahkamlanishiga hissa qo‘shgan.
Mustafo Kamolning “Uydagi tinchlik — butun dunyo tinchligi” shiori nafaqat tashqi siyosatda ehtiyotkorlikni ta’minlagan va mamlakat ichidagi vaziyatni ham barqarorlashtirgan. Kamol o‘z prezidentligi davrida barcha xalqaro mojarolarni faqat tinchlik yo‘li bilan hal etgan. U madaniyatga ham (masalan, birinchi turk operasi paydo bo‘lgan) katta e’tibor qaratgan.
1934-yilda familiyalarga oid yangi qonun qabul qilingach, Buyuk milliy assambleya Kamolga bo‘lgan muhabbati va hurmati ramzi sifatida unga Otaturk (“turklar otasi”) familiyasini beradi.
Otaturk sevgisi
Mustaqillik uchun kurash davomida Mustafo bo‘lajak rafiqasi Latifa bilan tanishib qoladi. Katta-katta qora ko‘zlar va zaytun rangli teriga ega turk qizi Yevropada huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim olar va fransuzchada juda yaxshi gapirardi. Uning ota-onasi Biarritzda yozni o‘tkazgan, qiz esa millatning yangi yetakchisiga yordam berish uchun vataniga qaytgan. Bu vaqtda ko‘plab ayollar Mustafo Kamolning surati tushirilgan medalyonlarni taqib yurar, Latifa ham bundan mustasno bo‘lmasada, buni hech kimga bildirmasdi.
Qiz iqtidorli harbiy va uning butun shtabiga shahardan tashqaridagi uyiga ko‘chib o‘tishni taklif qiladi, shuningdek, uning sharafiga bazm tashkil etadi. Turkiyaning bo‘lajak yetakchisi Latifaning uyida bir oyga yaqin mehmon bo‘ladi.
Hokimiyat tepasiga kelganidan keyin u qizga maktub yo‘llagan, ular yana uchrashishgan va qanchadir vaqtdan keyin oila qurgan. To‘y yevropaliklarga xos tarzda o‘tkazilgan: islom dini odatlariga ko‘ra, to‘y yakuniga qadar bir-birini ko‘rishi mumkin bo‘lmagan kelin-kuyov shohona dasturxon atrofida o‘tirardi. Shundan keyin yoshlar to‘y sayohatiga yo‘l olgan. Mustafo Kamolning yosh rafiqasi har yerda eriga hamrohlik qilgan. “Ayollarimiz bilan xuddi shunday munosabatda bo‘lamiz”, — degan u rafiqasiga qarab.
Mustafo Kamolning Latifaga uylanganidan Germaniyadagi sanatoriyada davolanayotgan sobiq ma’shuqalaridan biri ham xabar topadi. Anqaraga qaytgach ayol prezident saroyiga keladi — u turk yetakchisi bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, biroq ayolni kirgizishmagan. Mehmonxonaga qaytgan ayol Germaniyadan olib kelgan pistoleti yordamida o‘z joniga qasd qilishga qaror qiladi. Olgan jarohati oqibatida u olti kundan keyin shifoxonada vafot etgan.
Keyinchalik aynan shu voqea turk yetakchisining rafiqasi bilan ayrilig‘iga sabab sifatida ko‘rsatiladi. Aybdorlik hissi Otaturkning “turmush hayotini zaharlagan”. Yoshlar sobiq ma’shuqaning o‘limidan ikki yil o‘tib ajrashib ketadi. Ajrimga yana boshqa sabablar sifatida Mustafo Kamolning alkogolga mukkasidan ketgani, shuningdek, Latifaning “erini sevgi ishlariga ko‘nika olmagani” ko‘rsatiladi. Aniq sabab noma’lum. Xuddi ajrashish tashabbusi kimdan chiqqani kabi. Ammo fakt faktligicha qoladi: 1925-yil 5-avgust kuni Latifa va Mustafo Kamol nikohiga barham berilgan.
Gap-so‘zlarga ko‘ra, mazkur voqeaga Mustafo va Latifa bir-biriga yo‘llagan 200 ga yaqin maktub hamda ayolning 178 varaqli kundaligi oydinlik kiritishi mumkin. 2005-yilda ularni e’lon qilish bo‘yicha sud tomonidan qo‘yilgan taqiq muddati yakunlangan, shu boisdan ko‘pchilik uning e’lon qilinishi haqida gapira boshlagan. Ammo Latifaning qarindoshlari buni amalga oshirmaslikni so‘ragan. Bunday qarorni ko‘plab turklar ham qo‘llab-quvvatlagan. Ayolning o‘zi ajrashganidan keyin 1975-yilda vafot etguniga qadar Otaturk bilan munosabatlari haqida hech narsa aytmagan.
Otaturk hozirga qadar Turkiya Respublikasida yashagan eng zamonaviy erkaklardan biri, moda olamida haqiqiy trend yaratuvchisi va o‘ziga xos uslub asoschisi hisoblanadi. Ideal ravishda tikilgan Yevropa kostyumlari, xorij paltolari, qimmatbaho poyabzallar — turk yetakchisi ipidan ingnasichaga benuqson kiyingan. Ust-boshining asosiy elementi sifatida u shlyapalarga alohida e’tibor bergan. Otaturk an’anaviy feskalarni (popukli do‘ppi) “jaholat, aqidaparastlik, sivilizatsiya va taraqqiyotga nafrat ramzi” deya hisoblab, uni kiyishni taqiqlagan. “Chankara” qishlog‘ida Otaturk birinchi marta yevropacha shlyapada paydo bo‘lganda, bu turk moda olamida haqiqiy inqilobga aylangan.
Otaturk Cadillac yoki Lincoln avtomobilida harakatlanishni yaxshi ko‘rgan. Dengiz sayohatlariga odatda “go‘zal oppog‘oy” yoki “suzuvchi xazina” deb atalgan o‘zining MV Savarona yaxtasida yo‘l olgan. Kema amerikalik dizaynerning loyihasi bo‘yicha yaratilgan. Yaxta dunyodagi eng qimmat va hashamatli kemalardan biri hisoblangan: o‘ziga xos tarzda bezatilgan 20 ta kayuta, tilla suvi yuritilgan zinalar, kinozal, turk hammomi va hatto vertolyot uchun qo‘nish maydonchasi.
Otaturk u yerda Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlarini o‘tkazgan, xorij yetakchilarini qabul qilgan. Oxirgi marotaba Turkiya prezidenti o‘z yaxtasida o‘limidan 6 hafta oldin dengizga chiqqan. Hozirda restavratsiya qilingan kema amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga berilgan. Yaxta bortida Turkiyaga tashrif bilan kelgan boshqa davlat rahbarlari sharafiga tantanli bazmlarni uyushtirib kelinadi. Bundan tashqari, Savarona prezidentning Qora dengiz mamlakatlariga safarlariga hamrohlik qiladi.
Bosforga qaragan saroy
Mustafo Kamolning bolaligidagi do‘sti Emina aytgan bashoratlar u hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay amalga osha boshlagan. Otaturk Usmonlilar imperiyasi sultonlarining oxirgi qarorgohi — Dolmabaxche saroyiga ko‘chib o‘tgan.
Bosfor qirg‘og‘idagi Dolmabaxcheni qurish fikri XIX asrda sulton Abdulmajiddan chiqqandi. Injiq podshoh ajdodlari bir necha asr davomida yashagan Topkapi saroyidan zerikkan edi. O‘shanda u o‘z hashamati va kattaligi bo‘yicha mashhur Yevropa saroylari, xususan, Fransiyadagi Versal bilan bellasha oladigan binoni qurishga qaror qilgan.
Yevropaning barokko, rokoko va neoklassizm usullarida bunyod etilgan saroy monarx kutganidan ham ziyoda ko‘rinish olgan. Dolmabaxcheda 285 ta xona, 44 ta kichik zal, to‘rtta katta zal, beshta asosiy zina va 68 ta hojatxona bo‘lgan — uch qavatli binoning umumiy maydoni 45 ming kvadrat metrdan oshadi. Saroyni bezash uchun 15 tonna oltin va 40 tonna kumush, Yevropadan keltirilgan bezak va mebellar sarflangan: ipak — Fransiyadan, shamdonlar — Buyuk Britaniyadan, oynalar — Italiyadan, qandillar — Germaniyadan. Ayrim sovg‘alar Xitoy, Misr va Hindistondan olib kelingan.
Otaturk prezident sifatida saroyga birinchi marta 1927-yilda ko‘chib o‘tadi. U o‘ziga yotoqxona sifatida tanlagan xona sultonlarning qishki orom oladigan joyi hisoblangan. 1937-yildan boshlab Otaturk sog‘lig‘i yomonlashayotganini his qiladi, 1938-yil mayda esa shifokorlar unga jigar serrozi tashxisini qo‘yadi. Shunga qaramay, prezident iyul oxiriga qadar vazifasini bajarishda davom etgan. Otaturk umrining so‘nggi kunlarini Dolmabaxche saroyida o‘tkazgan va 1938-yil 10-noyabrda, 57 yoshida vafot etgan.
Otaturk o‘limi Turkiyani qattiq qayg‘uga solgan, uning dafn marosimiga 17 davlatdan delegatsiyalar kelgan. Uning jasadi vaqtincha Anqaradagi Etnografiya muzeyiga dafn etilgan, keyinroq esa tantanali ravishda Otaturk uchun maxsus qurilgan “Anitkabir”ga ko‘chirilgan.
Izoh (0)