Salib yurishlariga eng munosib javob bera olgan buyuk sarkarda, islom tarixida o‘zining shonli va zafarli yurishlari hamda adolatli hukm yuritishi ila tillarda doston bo‘lgan ulug‘ sulton Salohiddin Yusuf Ayyubiy hisoblanadi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida u haqida hikoya qiladi.
XI asr oxirlarida salib yurishlari davri boshlanadi. Rim papasining chaqiriqlaridan ruhlangan G‘arbiy Yevropa ritsarlarida Falastin tomon oshiqqan. 1099-yilda ular Quddusni musulmonlardan tortib olgan. Ammo oradan 88 yil o‘tgach, islom vakillari salibchilarni muqaddas zamindan quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Ularga Suriya va Misr hukmdori Salohiddin Ayyubiy boshchilik qilgandi. Salibchilar undan nihoyatda qo‘rqar, musulmonlarning esa unga hurmati yuqori edi. U umri davomida kamtarlikni saqlagan holda to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmagan. Salohiddin haqidagi afsonalar avloddan-avlodlarga o‘tib, hozirgi kunga qadar yetib kelgan.
Misrning mashhur sultoni Salohiddin kim edi?
Salohiddin Ayyubiy milodiy 1171-1193-yillarda Misr, Shom, umuman, g‘arbda Tunis yerlarigacha, sharqda Firot daryosigacha, shimolda Mo‘sil va Halabdan to janubdagi Yamangacha bo‘lgan yerlarda – hatto Hijoz o‘lkasi: muqaddas Makka-Madinada ham adolatli hukmronlik qilgan.
Salohiddin Ayyubiy avvaliga Misrni shialar hukmronligidan tortib olgan, so‘ng 1187-yili 4-iyulda fransuz, norman, ingliz, ispanlarga qarshi kurashib, ikkinchi salib yurishini tor-mor keltirib, Quddusni ozod qilgan.
1138-yili Kurdistonda joylashgan Tikrit shahri hukmdori Ayyub ibn-Shodi oilasida Yusuf ismli o‘g‘il dunyoga keladi. Bu vaqtda hali hech kim bolakay kelajakda Salohiddin bo‘lib ulg‘ayishini bilmasdi. Kurdiston parchalanib ketgan turk-saljuqiylar davlati tarkibida edi. Vaziyat shunday tus oladiki, o‘g‘li tug‘ilgan kunning ertasida Ayyub Tikritni tark etishga majbur bo‘ladi.
Uning ukasi Shirkux g‘azab o‘tida obro‘li saljuqiylardan birini o‘ldirib qo‘yadi, shu boisdan Ayyub ukasi bilan Tikritdan chiqib ketish yo‘lini tanlaydi. U Mosul hukmdori (hozirgi Iroq hududi) Zangining yoniga yo‘l oladi. Bu vaqtga kelib Iroq hududlari saljuqiylar davlatidan to‘liq ajralib chiqqandi. Zangi bor imkoniyatini ishga solib, o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga uringan va 1130-1140-yillarda Suriya hamda Livan hududlaridagi hukmronligini mustahkamlagan, 1144-yilda esa u salibchilarda Edessani tortib olgandi.
Zangi bir vaqtlar Ayyub tomonidan ko‘rsatilgan yordamni unutmagan. Uni va ukasi Shirkuxni harbiy sarkarda lavozimlariga tayinlab, ularga Livandagi tog‘li hududda joylashgan Ba’labak shahrini ishonib topshirgan. Ayyub oilasi bilan u yerga yo‘l oladi. Uning rafiqasi, Salohiddining onasi haqida esa ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Oilada yana bir necha farzand bo‘lgan, biroq qahramonimiz ularning to‘ng‘ichi yoki kenjasi bo‘lganmi — bu ham noma’lum. Nima bo‘lganda ham taxmin qilish mumkinki, Salohiddinning bolaligi vaqtida Ba’labakda vaziyat nisbatan tinch o‘tgan. U besh yoki olti yoshida Qur’on o‘qishni o‘rgangan, ammo 1146-yilda Zangi o‘z xizmatkori tomonidan o‘ldirilgach, shahardagi osuda hayot yakuniga yetgan.
Salohiddin bolaligidan harbiy tayyorgarlikka emas, balki ilm-fanga qiziqqan. U algebra, geometriyani o‘rgangan, Yevklid qoldirgan ilm meroslaridan xabardor bo‘lgan. Bu vaqtlarda 14 yoshli yigit jangchi hisoblangan, shu sababli 1152-yilda Salohiddin Suriya shimolidagi Halab shahriga yo‘l oladi. Ushbu hududlar Zangining o‘g‘li Nuriddinga tegishli edi, amakisi Shirkux esa uning saroyida yuqori lavozimda bo‘lgan. Salohiddin bu yerda harbiy xizmat o‘tash majburiyatini beradigan yerga egalik huquqini qo‘lga kiritadi.
1154-yilda Salohiddin otasining yoniga, Damashqqa qaytgan. Vaziyat sabab Ayyub va Shirkux o‘zaro kelishib, shaharni Nuriddinga qon to‘kilishlarsiz topshirishni reja qiladi. Ayyubning ushbu harakati mukofotsiz qolmagan: u Damashqni Suriyaning yangi hukmdori nomidan boshqarishga kirishgan.
Salibchilardan qator hududlarni qaytarib olgan Nuriddin odil va qo‘li ochiq hukmdorligi bilan nom qozongan. U hashamatga qiziqmagan va davlatning barcha daromadini xayriyaga, yo‘llar va karvonsaroylar qurishga, savdoni rivojlantirishga sarflagan. Damashqni o‘z saltanatining poytaxtiga aylantirgan Nuriddin Salohiddinni o‘ziga yaqinlashtirib, uni hukumat muassasalaridan birini nazorat qilishga mas’ul lavozimga tayinlaydi. Uning rahbariga esa bunday yuqori lavozimni 16 yoshli yigit egallagani yoqmagan, biroq Nuriddin uni biror kimga xafa qildirib qo‘ymasdi.
Misrga birinchi yurish
1163-yilda 26 yoshli Salohiddin kutilmaganda amakisi Shirkux bilan Misrga yurish qilish buyrug‘ini oladi. Misrning bo‘lajak hukmdoriga bu yoqmagan: “Butun Misrni qo‘lga kirita olsam-da, u yerga borishni istamayman”, — degandi u, ammo amakisi yigitning so‘zlariga quloq tutmagan.
Misrga yurish mamlakat vaziri Shavar o‘zining siyosiy raqibiga yutqazib qo‘yib, Suriyaga qochgani va Nuriddindan harbiy yordam so‘raganidan keyin boshlangandi. Misrdagi Fotimiylar xalifaligi shia mazhabi e’tiqod qilgan, Nuriddin esa sunniy bo‘lib, ushbu mamlakat ishlariga aralashmasligi kerak edi, ammo Suriya hukmdori Quddusga ega chiqqan salibchilar Misrni egallashga intilayotganini sezadi va bunga qarshi chiqishga qaror qiladi.
Shirkux uning buyrug‘i bilan Suriya qo‘shinlarini Misrga boshlab boradi va ortiqcha qiyinchiliklarsiz Shavarni hokimiyatga qaytaradi. Biroq makkor vazir oldinroq bergan va’dasida turmaydi, aksincha, buning o‘rniga salibchilar bilan til biriktiradi. Natijada urush yuzaga keladi va u “durrang” bilan yakunlanadi: ikkala tomon ham Misrni tark etishga kelishadi. Nuriddinning Misrni o‘z nazorati ostiga olish rejasi amalga oshmaydi, to‘qnashuvdan foyda ko‘rgan yagona inson Shavar edi.
Salohiddin Misrga birinchi yurishi davomida ko‘zga tashlanarli biror ish qilmagan. Shunga qaramay, Shirkux o‘z jiyaniga qattiq ishongan va u bilan maslahatlashib turgan. Salohiddin jang maydonida o‘zini mohir jangchidek tutganining o‘zi katta ahamiyatga ega edi.
Suriya armiyasining qaytishidan xavotirga tushgan Shavar Quddus qiroli bilan harbiy ittifoq tuzadi. 1167-yilda Yuqori Misr hududida Suriya qo‘shinlari misrliklar va salibchilar qo‘shiniga qarshi jang qilgan. Dushmanlarini katta yo‘qotishlar evaziga yer tishlatgan Shirkux Iskandariyani egallashga muvaffaq bo‘ladi, ammo salibchilarga yetib kelgan yordam kuchlari shaharni qamal qilishni boshlaydi.
Iskandariyani jiyaniga topshirib, qamalni yorib o‘tgan Shirkux ittifoq kuchlari bilan orqadan zarba berishni boshlaydi. Salohiddin esa qamaldagi qo‘shinlari bilan dushman hujumlarini qaytarib turgan. Kuchlar va oziq-ovqat zaxiralari tugab borar, vaziyat kundan-kunga og‘irlashar edi. Bu ham yetmaganidek shaharda o‘lat epidemiyasi boshlanadi. Shirkuxning taktikasi uch oydan keyin o‘z mevasini bera boshlagan: suriyaliklar va salibchilar o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlanadi. Misr hududini hech bir to‘siqsiz tark etish imkoniyati Suriya qo‘shinlarining muvaffaqiyati edi.
Salohiddin bu urushda barcha jihatdan o‘zining yaxshi tomonlarini namoyon etadi, ammo u Nil qirg‘oqlariga boshqa qaytishni istamagan. Amakisining ham bu yerlarda qayta jang qilishini xohlamagan. Ammo 1168-yilning noyabrida yana Misr tomon qo‘shin tortiladi. Bu safar Nuriddin Misrning rasmiy hukmdori, Shavaraning harakatlaridan norozi xalifa al-Adiddan yordam so‘raydi. Nasroniylar qo‘li bilan musulmonlarga qarshi jang qilgan vazir bir nechta shaharlarga “lotin” garnizonlarini joylashtirishga rozi bo‘ladi.
Misrda boshidan o‘tkazgan azoblarini unutmagan Shirkux kerakli vositalari yetishmasligi sabab yurishda ishtirok etishdan bosh tortadi. Bundan xabar topgan Nuriddin o‘z g‘aznasiga “unga pul ajratilsin” deya buyruq beradi. Amakisi ortidan jangda qatnashishga majbur bo‘lgan Salohiddin o‘zlarini xuddi qatlga yuborishayotgandek his qilardi.
Qo‘ldan boy berilgan hokimiyat
Shikrux boshchiligidagi Suriya armiyasi Misr tomon harakatlanayotgan bir vaqtda, salibchilar Bilbeys shahrida qirg‘in uyushtirib, bu orqali misrliklarning ommaviy noroziligini yuzaga keltirgan. Shavar ham Misr hokimiyati tepasiga nasroniylar kelishini xohlamagan. Salibchilar 1168-yilda Qohirani qamal qila boshlagach, vazir uning janubidagi qadimiy Fustat shahriga o‘t qo‘yishni buyurgan.
Bu payt vaqtdan yutish uchun xalifa salibchilar bilan muzokaralar boshlab, ular uchun ulkan tovon puli tayyorlab qo‘yadi. Suriya qo‘shinlari esa Qohiraga yaqinlashib, 1169-yil 8-yanvarda shaharni qarshiliksiz egallaydi. Shirkuxni xaloskor sifatida qarshi olishadi. Shu bilan birga, mamlakatdagi haqiqiy boshqaruvni uning jiyani amalga oshirgan.
Shirkux o‘z g‘alabasi nashidasini ikki oygina totgan. 23-mart kuni o‘zining yuholigi bilan tanilgan Shirkux tushlik vaqtida taomga tiqilib qoladi va vafot etadi. Shundan keyin hokimiyat tabiiyki Salohiddin qo‘liga o‘tgan, xalifa ham bunga hech qanday e’tiroz bildirmagan. Shunday qilib, 29 yoshli kurd Misr tepasiga keladi.
Salohiddinning yangi holati juda o‘ng‘aysiz edi. Bir tarafdan u Fotimiylar xalifaligida vazir lavozimi egallab, Misrda haqiqiy hokimiyatga egalik qilsa, boshqa tomondan Suriya sultoni Nuriddinning vassali edi. Lavozimlardan biri ikkinchisini rad etar va ertami-kech Salohiddin ulardan birini tanlashi lozim edi — Nuriddinga bog‘liqligiga barham berish va shu orqali qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘lish, yoki Misrni Zangilar tomonidan asos solingan saltanatning bir qismiga aylantirish.
Bundan tashqari, Suriya ahli sunniy, Misr — shia edi. Ushbu mazhab vakillari o‘zaro jang qilib kelar, shu sababdan ham sunniy bo‘lgan Salohiddinning shialar davlatidagi siyosiy faoliyati diniy xarakterni yuzaga keltirardi.
Vazir o‘zini namunali musulmon sifatida ko‘rsatishga uringan. U Fotimiylar xalifaligining yuqori martabali amaldorlarini hokimiyatdan chetlatgan va ularning o‘rniga o‘ziga sodiq suriyaliklarni tayinlagan, ularga yer-mulk ajratgan. Yangi vazirga qarshi Misrda yashovchi 50 ming sudanlik bosh ko‘targanida Salohiddin ularni bostirgan. Shundan keyin u Misrga dengiz orqali hujum qilishga uringan salibchilarni yo‘q qiladi. Yosh vazir bularning barchasini yarim yil ichida amalga oshirgan.
Mamlakatda mutlaq hokimiyatni qo‘lga kiritgan Salohiddin 1170-yil fevralida otasi Ayyubni Damashdan Qohiraga kelishga taklif etadi. Nuriddin uning o‘g‘li yoniga borishiga ruxsat beradi, bu o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashiga umid qilgan.
Salohiddin hokimiyat tepasiga kelganidan ikki yil o‘tgach, u Qohirada sunniylar huquq maktabiga asos soladi, shia qozilari o‘rniga, sunniy mazhabiga mansub qozilarni tayinlagan. Nuriddin Salohiddinni Fotimiylar xalifaligini butunlay yakson etishga va shia mazhabiga e’tiqod qilishni taqiqlashga chaqirgan, biroq u bu kabi qaror ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishini aytib, rad javobini bergan.
1171-yil sentabrda xalifa og‘ir betob bo‘lib qolganida Salohiddin Abbosiylar naslidan bo‘lgan yangi xalifani tayinlash bo‘yicha buyruq chiqaradi. Abbosning avlodlari Bog‘dodni boshqargan va rasman barcha sunniylar yetakchisi hisoblangan, shu boisdan Salohiddin bu harakati orqali Misrda sunniylar davlati qurilishidan darak berardi. Oradan 10 kun o‘tgach Fotimiylarning so‘nggi xalifasi vafot etadi va bu sobiq vazir, amaldagi sultonni nafaqat haqiqiy, balki Misrning hukmdoriga aylantiradi.
Biroq rasman Salohiddin hamon Nuriddinning vassal hisoblanardi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay u Suriya janubidagi Shaubak shahriga yurish amalga oshirib, uni qamal qiladi. Natijada Misr va Suriya urush yoqasiga kelib qolgan. Bu kabi keskin vaziyatda Salohiddinning otasi o‘g‘liga bor g‘azabini sochgan: “Agarda Nuriddin bizga sening boshingni olishni buyursa, hech ikkilanmasdan buni amalga oshirgan bo‘lardik”. U o‘g‘lini Nuriddinning oliy hukmronligini tan olishga chaqirgan, ammo yolg‘iz qolganlarida o‘zining aytgan gaplariga qo‘shimcha qilgan: “Nima uchun maqsadingni oshkora namoyish etishing kerak? Vaqt sening foydangga xizmat qiladi. Allohning o‘ziga bizga yordam berishini kut”.
O‘g‘lini urushdan qutqarib qolgan Ayyub 1173-yilda otdan yiqilib tushib vafot etadi. Keyingi yilning may oyida Misrga yurish vaqtida kutilmaganda Nuriddin ham olamdan o‘tib, hokimiyatni 11 yoshli o‘g‘li as-Solihga qoldirib ketadi.
Nuriddinning atrofidagilar Salohiddinni “tirrancha” deya hisoblagan, ammo ular orasida Misr hukmdoriga qarshilik ko‘rsatadigan yetakchi yo‘q edi. Salohiddin Fotimiylardan o‘ziga qolgan boyliklarni o‘zlashtirib olmagan, balki uning katta qismini qo‘l ostidagilarga bo‘lib bergan, qolganini davlat g‘aznasiga yo‘naltirgan edi — bu mamlakatda uning obro‘si yanada oshishiga xizmat qilgan. U o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlarga saroy qurdirgan, o‘zi esa rasmiy qarorgohda yashashni davom etgan. Xuddi Nuriddin kabi Salohiddin ham yangi shaharlar va kasalxonalar bunyod etgan, odil hukmdor sifatida nom qozongan.
1174-yil oktabrda, Nuriddin o‘limidan besh oy o‘tib, u Damashqqa maktub yo‘llaydi: “Shuni e’tiborga olinglarki, marhum sultonimiz menga as-Solihga g‘amxo‘rlik qilishni ishonib topshirgan”. Bu esa Nuriddinning o‘rnini egallash uchun da’vo edi. Nuriddinning amaldorlari to‘qnashuvdan qochishni ma’qul ko‘rgan, shu boisdan Salohiddin 700 nafar otliq bilan Damashqqa kelganida, uning darvozalari e’tirozsiz ochilgan.
Suriyaning egallanishi
Salohiddin Damashqni o‘z nazoratiga olib, o‘zini as-Solihning vasiysi sifatida tutgan. Ammo bo‘lajak shoh uchun Salohiddin haqiqiy dushmanligicha qolgan. 1174-yil yozidan boshlab as-Solih yashagan Halab shahri Salohiddinga qarshi muxolifat markaziga aylangan.
Shu yilning dekabrida vasiy Halabni qurshab oladi, as-Solih esa shahar aholisini mamlakatda hokimiyatni noqonuniy qo‘lga kiritgan insondan o‘zini himoya qilishga chaqiradi. Halab ahli as-Solih tarafida bo‘lib, uning chaqiriqlariga javob bergan.
Salohiddin yovuz inson sifatida ko‘rinishni istamay, Halabni egallash rejasidan voz kechadi, buning o‘rniga Bog‘dod xalifasidan o‘zining Misr va Suriya hukmdori sifatida tan olinishiga erishadi. Sunniylar rahnamosi uni Suriya va Misr sultoni deya e’lon qilgach, Salohiddindan as-Solihning vasiysi bo‘lish talab etilmasdi. U barcha rasmiy hujjatlarga o‘z nomini kiritib, davlat tangalarini zarb ettiradi.
Mutaassiblar terrori
Yuzaga kelgan vaziyatda as-Solih Salohiddinga deyarli hech qanaqa qarshilik ko‘rsata olmasdi. Shunda u assasinlar deb ataluvchi radikal shia-mutaassiblariga o‘z dushmanini o‘ldirishni so‘rab, murojaat qiladi. Ular Fotimiylar xalifaligini yakson etgan Salohiddinni yomon ko‘rar va as-Solihning topshirig‘ini biror-bir mukofotsiz ham bajarishga kirishadi.
XI asr oxirlarida paydo bo‘lgan shia assasinlar sektasi taniqli sunniylarni o‘ldirish bilan shug‘ullangan, ulardan hatto salibchilar ham qo‘rqqan. Hozirga qadar yetib kelgan mish-mishlarga ko‘ra, sekta a’zolari gashish iste’mol qilgan: “assasin” (“qotil”) so‘zi ushbu giyohvand modda nomida kelib chiqqan.
Assasinlar Salohiddinni o‘ldirishga birinchi marta 1175-yilda urinib ko‘radi. O‘shanda ular chodir ichidagi soqchilar tomonidan to‘xtatib qolingan. Sultonga esa hech qanday ziyon yetmagan: uni sovuti qutqarib qolgan. Ammo yuz bergan voqeadan keyin u assasinlar sektasiga qarshi kurashni boshlaydi. Ikki oydan keyin Salohiddin ularning qoya tepasida joylashgan tayanch punktiga hujum uyushtiradi.
Bir oydan keyin tomonlar kelishuvga erishgach, qamal to‘xtatiladi. Gap-so‘zlarga ko‘ra, Salohiddin o‘z rejalarini sirli tahdid sabab o‘zgartirgan. Bir safar u chodir ichida kimdir borligini his qilib uyg‘onib ketadi va zaharli xanjarga qistirib ketilgan maktubga duch keladi: “Sen bizning nazoratimiz ostidasan”. Shu bilan birga, soqchilar Salohiddinning chodiriga biror kim kirganini sezmagandi. Bundan tashqari, chodirning kirish qismiga sepib qo‘yilgan qumda hech qanaqa iz ham qolmagan.
1176-yil iyulda as-Solih bilan yarashib olgan Salohiddin Nuriddinning 38 yoshli bevasiga uylanadi. Shu orqali u o‘zini marhum sultonning haqiqiy davomchisi sifatida ko‘rsatishga intilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Salohiddining to‘rt yoki besh nafar xotini va ulardan 17 nafar o‘g‘il va bir qizi bo‘lgan. O‘g‘illarining to‘ng‘ichi Afdal bo‘lib, u 1160-yilda dunyoga kelgan…
Suriya va Misrning birlashuvi Vizantiya imperatori Manuil I bilan ittifoq tuzgan salibchilarni sarosimaga solib qo‘yadi. Falastinga graf Filipp Elzasskiy boshchiligidagi yangi ritsarlar bo‘linmasi yetib keladi, ular vizantiyaliklar qo‘llab-quvvatlovi ostida Misrga yurish qilishi kerak edi. Biroq Filipp turli bahonalar bilan ushbu mamlakatga borishni istamay, Suriya tomon yo‘l oladi.
Vaziyatdan foydalanib, Salohiddin o‘z qo‘shinlarini himoyasiz qolgan Falastin tomon boshlaydi. Quddus qiroli Bolduin IV 500 nafar ritsari bilan Asheklonga yashirinadi. Salohiddin ushbu qal’ani qamal qilishni boshlaydi, biroq keyin Quddusga yurishni amalga oshirishga kirishgan. U yerda vahima boshlangan. Qirol o‘zining kichik bo‘linmasi bilan 1177-yil 27-noyabr kuni kutilmaganda o‘zidan kuchli qo‘shinga zarba berib, Salohiddinni Misrga qochishga majbur etadi.
Muqaddas urush
1181-yil avgustda as-Solih 18 yoshida Halabda vafot etadi. Uning merosi uchun boshlangan bahslarga bir necha ukasi, jumladan, Mas’ud ham qo‘shilgan. Keyingi yilning may oyida Salohiddin Suriyaga yo‘l olib, aka-ukalarning mojarosiga aralashadi. U Jazira tomon (Shimoliy Iroq) tomon yurish qilib, Zangilar sulolasiga tegishli bu yerlarni egallab olish niyatida edi. Mosulni egallash rejasi amalga oshmagan, biroq 1183-yil mayida Salohiddin Halabni qo‘lga kiritadi va shaharning yangi rahbari Sayfuddin Gazi II ga daxlsizlikni taqdim etadi.
1180-yilda Salohiddin salibchilar bilan jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha bitim tuzgan. Tinchlik bitmi qirol Bolduin IV moxov bilan og‘ir kasallangani, Salohiddin esa Suriyani birlashtirishni yakunlashga intilayotgani sabab tuziladi. Ammo Kerek shahrini boshqarib kelgan Reno (Reynald) de Shatilyon qasddan bitimni buzgan: u Damashqdan Arabiston tomon harakatlanayotgan suriyaliklar karvoniga hujum uyushtiradi. Keyin esa qaroqchilar flotiliyasini qurollantirib, Qizil dengizga yuborgan. Qaroqchilar arablarning dengiz karvonlariga hujumlar uyushtirgan. Bularning barchasi musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan haj mavsumida amalga oshirilgan.
1183-yil sentabrda Salohiddin Kerekni qamal qiladi, ammo mustahkam qal’ani egallashga muvaffaq bo‘lmaydi. 1185-yil martda qirol Bolduin IV vafot etgach, taxtga uning 6 yoshli jiyani o‘tiradi. Shu bilan birga, Salohiddin Mosulga hujum uyushtirib, keyingi yil martda Mas’udni hokimiyatdan ag‘darishga erishadi.
Salibchilar orasidagi kelishmovchilik avj olgan. 1186-yil sentabrda Quddusning yosh qiroli kutilmaganda vafot etadi va taxtga Gi (Gvido) de Luzinyan o‘tirgan. Sobiq regent Raymond III, Tripoli hokimi va uning siyosiy raqibi hokimiyatni qo‘ldan chiqargach, Reno yana nazoratsiz qolib ketadi. 1187-yil boshida u yana bir bor Qohiradan Damashqqa ketayotgan karvonga hujum uyushtirgan. Bosqinda Salohiddining singlisi asir tushib qoladi. Ritsarning bu kabi ishi islom olamni vakillarining nafratiga sabab bo‘ladi va Salohiddin uni o‘ldirishga qasam ichadi.
Sulton ehtiyotkorlik bilan ish ko‘ra boshlaydi. Avvaliga u Renoga elchi yuborib, o‘g‘irlagan narsalarini qaytarishni va singlisini ozod etishni so‘raydi. U bo‘lsa elchini qabul qilishni istamaydi, shunda sulton qirol Gidan bosqinchini jazolashni talab qiladi. Ammo haqiqiy hokimiyatga ega bo‘lmagan hukmdor biror chora ko‘ra olmasdi.
Buyuk g‘alaba
1187-yil martda Salohiddin o‘z amirlarini muqaddas urush — jihodda ishtirok etishga chaqiradi. Bunga javoban ko‘p sonli musulmon qo‘shinlari Misr, Suriya va Jaziradan Damashqqa yetib keladi.
2-iyul kuni musulmonlar armiyasi Raymond III ning rafiqasi tomonidan boshqariladigan Tiberiya shahriga hujum uyushtiradi. Salohiddin salibchilarni shu yerga jalb etishni rejalashtirgan. Salohiddin strategiyasidan bexabar bo‘lgan qirol Gi Raymond III ning maslahatiga quloq tutmaydi: “Biz rafiqamning qal’asini yo‘qotadigan bo‘lsak ham so‘nggi daqiqalargacha to‘qnashuvdan qochishimiz kerak”.
Ertasi kuni tongda salibchilar dushman tomon harakatlanadi. Ular yarim kunda Tiberiyaga yetib borishni maqsad qilgan, biroq musulmonlar qo‘shini qarshiligiga duch kelib, kunbotarda shahardan o‘n kilometr uzoqlikdagi Xattin tepaligiga yetib boradi. Xristianlar chodirlarni tiklashi bilanoq Salohiddin Ayyubiy askarlariga qarorgoh atrofidagi juda ko‘p o‘suvchi quruq butalarni yoqib yuborishni buyuradi. Quyuq tutun osmonni qoplaydi va shundoq ham suvsizlikdan qiynalayotgan salibchilarning nafas olishni qiyinlashtiradi. Uzoq yo‘l yurgan va issiqdan tinkasi qurigan salibchilar qo‘shini qarorgohini Ayyubiy lashkari kamon va arbaletdan o‘qqa tutadi…
Asirga olinganlar orasida qirol Gi va Reno ham bor edi. Ular Salohiddinning yoniga olib kelinganida sulton manfur ritsarni qirolning ko‘z o‘ngida boshini olishni buyuradi. Bir yildan keyin tovon puli evaziga sulton qirolni ozod etadi. Bu vaqtda urush davom etar va Salohiddin o‘z g‘alabasining mevasidan totishga shoshardi.
Quddusning egallanishi
Musulmonlar armiyasi Quddus qirolligining asosiy bandargohi bo‘lgan Akreni qurshab oladi, Salohiddin Yafa, Toron, Bayrut va Askalon kabi shaharlarni egallagach, 1187-yil sentabrda Quddus tomon harakatlanadi. Salohiddin Falastin poytaxti aholisi bilan shaharni jangsiz topshirish bo‘yicha muzokaralar boshlashga urinadi, biroq ular o‘zlarining jangovar ruhlarini namoyon etib, bu mavzuda gaplashishni ham istamaydi.
20-sentabrga kelib Quddusni qurshab olgan musulmonlar armiyasi soni 20 mingga yetadi. Shaharda esa butun Falastindan 60 ming jangchi to‘plangan bo‘lsa-da, intizomni yo‘qotgan xristianlarga bu yordam bermaydi. 29-sentabr kuni musulmonlar shahar devorlarni buzib o‘tadi va shundan keyin Quddus ahli tinchlik muzokaralarini o‘tkazish iltimosi bilan chiqadi. Salohiddin bunga javoban shunda degan: “Bunga qadar tinchlik muzokaralari o‘tkazishdan bosh tortganingiz sabab so‘zsiz taslim bo‘lishdan boshqa yo‘lingiz qolmadi”. Salibchilar esa bunga javoban: “Biz shahardagi musulmonlarning masjidlarini vayron qilib, 5 ming asirni o‘ldiramiz”. Oxir-oqibat Salohiddin tovon puli to‘lasa, Quddus ahliga rahm-shafqat ko‘rsatishga qaror qiladi.
Oktabr oyining ikkinchi sanasida Salohiddin ko‘zida yosh bilan Quddusga kiradi. Qubbat as-Sahro (Qoya gumbazi) masjididagi xoch olib tashlangan, Quddus ko‘chalari musulmonlarning xursandchiligi baqir-chaqirlari bilan to‘lgandi.
Izoh (0)