O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida “Bo‘zatov” sanatoriysi qurilishi boshlanmoqda. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, mazkur loyihaga kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 123 milliard so‘m yo‘naltirilib, loyiha uchun 7,2 gektar yer maydoni ajratilgan, Loyiha natijasida 120 ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Kasaba uyushmalari federatsiyasining ma’lum qilishicha, sanatoriy olti qavatdan iborat bo‘lib, 2-qavatidan 6-qavatigacha bo‘lgan qismida yotoq xonalari joylashadi. Shuningdek, o‘tov ko‘rinishidagi kottejlar, kutubxona, madaniyat maskani, trenajyor xonalari, oshxona binolari, xodimlar uchun binolar barpo etiladi.
200 ta o‘rinli sanatoriyning qurilish ishlari 2024-yilning 2-choragida yakunlash rejalashtirilgan. Sanatoriy ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, urologik va ginekologik, nevrologik, endokrinologik, shu jumladan, qandli diabetga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ish olib boradi.
Ta’kidlanishicha, Bo‘zatov tumanida eng zamonaviy yangi sanatoriy barpo etilishi tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 2-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan va bu borada tegishli topshiriqlar berilgan.
Izoh (0)