2010-yil 31-dekabr kuni Nyu-Meksika shtati qamoqxonasida qotilligi uchun 1999-yildan boshlab umrbod qamoq jazosini o‘tab kelgan 74 yoshli mahkum vafot etgandi. Bu haqda gazetalar hech narsa yozmagan, telekanallar ham biror syujetni efirga uzatmagan. Aftidan, qachonlardir ismi AQSHning eng yetakchi nashrlarida muhokamalarga sabab bo‘lgan Bobbi Jo Kizini unutishgan edi. Josuslar haqidagi triller filmlardagi sarguzashtlari bilan mashhurlikka erishgan bu insonni hech kim yaxshi bilmasdi.
Kutilmagan asir
Shimoliy Vyetnam bilan 1973-yilda asirlarni almashishga kelishib olgan amerikalik harbiylar dushman tarafidan keltirilgan ro‘yxatda 107 nafar askar va bir nafar oddiy fuqaro borligidan hayratga tushgan edi. Ushbu fuqaroning ismi Bobbi Jo Kizi bo‘lib, u qanday qilib ro‘yxatdan o‘rin olganini hech kim tushuntirib bera olmagan. Erkak biror bir bo‘linmada xizmat qilmagan, razvedkachilar ham bu inson haqidagi birinchi marta eshitgandi.
“Bu yilning eng sirli voqealaridan biri. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, uni tezroq vatanga qaytarib, barchasini so‘rab olishga sabrimiz chidamayapti”, — degan edi AQSH davlat kotibi The New York Times’ga bergan intervyusida.
Kizi boshqa amerikaliklar bilan birga almashilgan, ular orasida keyinchalik Arizona shtatidan saylangan senator va AQSH prezidentligiga nomzod Jon Makkeyn ham bor edi. Xanoydan sirli mahbus Klark aviabazasida olib kelingan hamda unga yangi tishlar qo‘yilgan: asirning o‘z tishlarini vyetnamliklar so‘roq vaqtida to‘kib tashlagan edi. Shundan keyin Amerika maxsus xizmatlari tomonidan surishtiruvlar boshlangan.
Tergovchilar Kizi Koreya urushi vaqtida havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilgani, “Alvon yurak” va “Bronza yulduz” nishonlari bilan taqdirlanganini aniqlashga muvaffaq bo‘ladi. U 1970-yildan beri Vyetnamda asirlikda saqlangan. Uning dushman qo‘liga tushib qolishi esa juda g‘ayrioddiy tarzda yuz bergan.
1970-yil sentabrda Tailand poytaxti Bangkokda joylashgan Bira Air charter kompaniyasiga o‘rta yoshlardagi amerikalik tashrif buyuradi. U o‘zini kinoprodyuser Bob Kizi deya tanishtirib, suratga olish ishlari uchun mamlakat uzra bir necha kun parvoz qilishi kerakligini bildirgan va Cessna 182 samolyotini ijraga olgan.
Keyingi to‘rt kun davomida Kizi va uchuvchi Sangyem Pumketkiav sherigi bilan mamlakat shimoli-sharqida parvozlarni amalga oshiradi. Beshinchi kuni esa ko‘ngilsiz hodisa yuz bergan.
“Biz 20 daqiqalarga yaqin havoda uchdik. Keyin xorijlik pistoletini chiqardi-da, shu tarafga uch, deya buyurib, Laos va Vyetnam tomonni ko‘rsatdi. U bizga radioni o‘chirib qo‘yishni buyurdi. Sherigim bilan uni qurolsizlantirish haqida o‘ylay boshladik, ammo samolyot juda kichkina edi, harakatlanib bo‘lmasdi”, — deydi Bira Air charter kompaniyasining uchuvchisi Sangyem Pumketkiav San Francisco Chronicle’ga bergan intervyusida.
Samolyot Laos uzra uchib o‘tgan, Vyetnam bilan chegarani kesib o‘tganida esa u yerdan o‘qqa tutila boshlangan va dum qismiga shikast yetgan. Shunga qaramay, Kizi Dongxoya tumanida qo‘nishni buyurmaguncha, parvoz davom etgan. Cessna qandaydir qishloq yaqinidagi hududga qo‘nadi. Samolyot atrofini darhol mahalliy bolalar o‘rab olgan, Pumketkiavaning so‘zlariga ko‘ra, Kizi “xuddi Jeyms Bondkini kabi diplomatini qo‘liga olib, qumga sakragan va qishloq tomon yo‘l olgan”. Uchuvchilar samolyotni havoga ko‘tarib, Tailandga qaytib ketgan.
Keyingi 2,5 yil davomida Kizi bilan nimalar sodir bo‘lgani — noma’lum. Uning maqsadi nima bo‘lganini ham hech kim bilmasdi. Asirning opasi Bobbi Jo 1970-yil mayda qayergadir yo‘l olganini aytgan. U yaqinlariga zudlik bilan mashina kerakligi va “bir soatdan ortiqroq” vaqt bo‘lmasligini aytgan. Kizi Nyu-Meksika shtatining Albukerke shahridagi uyidan chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Keyingi safar uni 1973-yilda ko‘rishgan.
G‘alati odam
Bobbi Jo Kizi 1936-yil 18-fevralda Texasdagi kichkina Ellison qishlog‘ida dunyoga kelgan, u olti bolali oilaning kenjasi edi. Unga g‘amxo‘rlik qilgan opasining so‘zlariga ko‘ra, Kizi juda zaif bola bo‘lgan. 8-sinfligida Kizi maktabni tashlagan, armiyaga yozilgan va 17 yoshida Koreya urushiga yo‘l olgan.
U yerda yaralangan harbiylar uchun beriladigan “Alvon yurak” nishoni bilan taqdirlangan, biroq bu ham oddiy kechmagan. 1974-yilda The New York Times gazetasi ushbu mukofot Kizining qo‘liga qanday tushib qolganini noma’lumligi haqida yozgan, chunki erkakda yaralanganidan dalolat beruvchi biror asorat bo‘lmagan. Opasining aytishicha, Kizi boshidan yaralangan, chanog‘ining bir qismi plastinaga almashtirilgan.
1953-yilda Kizi AQSHga qaytgan, harbiy karyerasini davom ettirgan va vaqt o‘tishi bilan serjant lavozimini olgan. U Yaponiya, Germaniya va Islandiyadagi bazalarda xizmat qilgan vaqtida uchish trenajyorlaridan muntazam foydalangan, havo kemalarini boshqarishni o‘rgangan. Kizining sarguzashtlari 1962-yilda boshlangan va hozirga qadar bunga nima sabab bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda.
Fidelning mehmoni
1962-yil yanvarda serjant Bobbi Jo Kizi xizmatdan o‘zboshimchalik bilan ketib qolgan. U Arizonadagi Fort-Xuachuka harbiy bazasini qanaqadir asosli bahonada tark etadi, biroq o‘z vaqtida ortga qaytmaydi. Bir necha kundan keyin serjant dezertir deya e’lon qilingan va qidiruvga berilgan.
22-mart kuni AQSH armiyasi serjanti Bobbi Kizi boshqaruvida bo‘lgan samolyot Kubaning Gavana aeroportida kelib qo‘nadi. U hayratga tushgan chegarachilarga o‘zini tanishtirib, Ozodlik orolidan siyosiy boshpana so‘rash niyatida ekanini ma’lum qiladi.
Kuba hukumati amerikalik harbiyning paydo bo‘lganidan shu qadar hayratga tushadiki, AQSH shu usulda o‘zlarida agent jo‘natmoqchi deb hisoblaydi. Aytishlaricha, vaziyat bilan shaxsan Fidel Kastroning o‘zi shug‘ullangan. Natijada Kiziga boshpana berishni rad etishadi va sodir bo‘lgan voqea haqida Amerika hukumati xabardor qilinadi.
Kizi Kubada 49 kun bo‘ladi, keyin esa shunchaki oddiy reys samolyotiga o‘tirib, yurtiga qaytgan va u yerda hibsga olingan. Unga jami 152 banddan iborat ayblov e’lon qilingan, chunki u qochib ketish vaqtida o‘g‘irlangan mashinada 25 ta shtatni kesib o‘tgan va 50 yoki 60 marotaba soxta cheklar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirganini tan olgandi.
Bundan tashqari, sud davomida Kizi Kubaga Markaziy razvedka boshqarmasida ishlagani uchun yo‘l olganini bildirgan. Bu esa razvedkachilarning hayratiga sabab bo‘lgan. Maxsus xizmatlar sud organlari bilan maxfiy yozishmalari davomida uning kimligini bilmasliklarini ta’kidlagan.
Avantyurist 1962-yil oktabr oyida 5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Hukmda 152 ta ayblovdan faqat bittasi qolgandi: samolyotni minib qochish va uni boshqa shtatga qo‘ndirish. Avtomobillarning olib qochilgani, ko‘p sonli firibgarlik harakatlari va dezertirligi uchun Kizi hech qanday javobgarlikka tortilmagan. Buning izohi ham yo‘q, MRB va sud o‘rtasidagi yozishmalar to‘liq e’lon qilinmagan bo‘lishi ham mumkin.
Jinoyatchining otasi Peyrola Kizidan o‘g‘lining xatti-harakatlariga izoh so‘rashganida u OAVga tanqidlar yog‘dirib tashlagan: “U mamlakat uchun juda ko‘p ishlar qildi. To‘rt yil Koreya urushida jang qildi, qo‘lining bir qismi uzilgach, 9 oy gospitalda yotdi. Bu haqida yozishga ularning insoniyligi yetmadi, birgina xato harakati esa asosiy yangilikka aylandi”.
Meksikadagi qotillik
Vyetnamdagi asirlik voqeasidan keyin Kizi hech qanday tushuntirish bermay uyiga qaytgan. Ammo u o‘zining xatti-harakatlarini to‘xtatishni istamagan va yanada katta marralarni zabt etishni reja qilgan.
1974-yil 22-mart kuni soat 10:30 larda Kizi yoki unga juda o‘xshab ketadigan erkak AQSHning Meksikani Ermosilyo shahridagi konsulligidan chiqib kelganini ko‘rishgan. Bundan tashqari, u binoni yolg‘iz tark etmagan, unga amerikalik konsul Jon Patterson hamrohlik qilgan. Erkaklar mashinaga o‘tirib, qayergadir yo‘l olgan.
Konsul bir kun keyinga rejalashtirilgan tadbirda ishtirok etmagan, konsulxonaga esa Patterson tomonidan yozilgan maktub tashlab ketilgan. Unda konsulning tirik qaytarilishi uchun 500 ming dollar talab qilishgan.
“Aftidan, men Meksika Xalq-ozodlik armiyasi tomonidan asirga olingandim”, — deyilardi Jon Patterson maktubida.
Hammadan ham ko‘proq Meksika huquq-tartibot idoralari hayratga tushgan. Ular Meksika Xalq-ozodlik armiyasi haqida hech qachon eshitmagan va ko‘plab radikal guruhlar orasida bundayi yo‘q edi. Umuman olganda, Pattersonni o‘z hamyurtlari o‘g‘irlagani haqida gumon paydo bo‘ladi, chunki maktub AQSHda ishlab chiqarilgan kanselyariya blankasiga yozilgan, tovon puli ham dollarda so‘ralayotgan edi.
Amerika hukumati talabga biror javob qaytarishdan bosh tortgan, chunki u vaqtdagi siyosatga ko‘ra shantajchilar bilan muzokaralar o‘tkazilmasdi. Diplomatning rafiqasini o‘zi 250 ming dollar to‘plagan va pulni o‘g‘rilarga berishga uringan. Ammo jinoyatchilar pullarni olib ketish uchun kelmagan.
Iyul oyida Pattersonning skeleti Ermosilyodan 375 kilometr uzoqlikdagi sahrodan topilgan. Erkakni barmog‘idagi uzuk orqali tanishgan.
Yakunning boshlanishi
Bobbi Jo Kizi 1974-yil 28-may kuni Kaliforniyada ushlangan: uni Patterson bilan birga binodan chiqqanini ko‘rgan konsullik xodimi tanigan. Federal xavfsizlik byurosi urush veteran va sobiq samolyot o‘g‘risi konsulxona yaqinidagi mehmonxonada yashaganini aniqlagan, avtomobilidan esa miltiq va ikki juft kishan topilgan.
Kizi konsulning o‘g‘irlanishiga biror-bir aloqasi borligini mutlaq rad etgan. U diplomatning rafiqasiga 250 ming dollar talab qilib maktub yozganini va uchrashuv joyini belgilaganini tan olgan, ammo buni faqatgina “unga umid berish” maqsadida amalga oshirganini aytgan.
Prokuratura xodimlari Kiziga kelishuv taklif etadi, unga ko‘ra erkak faqat Pattersonni o‘g‘irlash uchun fitna uyushtirganlikda aybini tan olishi kerak edi. Avantyurist bunga rozi bo‘ladi. Diplomatni aynan u o‘ldirgani bo‘yicha tergovda biror dalil yo‘q edi. 1975-yilda sud Kizini aybdor deb topadi va u 20 yilga ozodlikda mahrum etiladi.
Bobbi Kizi 1986-yilda muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan va shundan keyin uning telba jinoyatlari boshlangan. 1987-yilda u soxta xatlar orqali qaysidir kompaniyadan 300 ming tonnaga yaqin misni o‘g‘irlashga urinadi. U hibsga olingan va 10 yilga qamalgan, biroq 1992-yilda yaxshi xulq-atvori uchun qo‘yib yuborilgan.
Ozodlikka chiqqan Kizi shu zahoti yana bir nayrangni o‘ylab topadi — u o‘zini Favqulodda vaziyatlar bo‘ycha federal agentlik xodimi sifatida tanishtirib, ishlab chiqaruvchidan oltin simlarni olib ketishga uringan. Kizi huquq-tartibot xodimlariga kelgunga qadar yashirinishga ulguradi va yana Meksikada paydo bo‘ladi.
U mazkur davlatda o‘tgan safargidek o‘zini MRB xodimi deya tanishtirishga kirishgan va Nyu-Jersi aviakompaniyasini DeHavilland Caribou DHC-4A samolyotini Toluka-de-Lerdo shahridagi aeroportida olib kelishga ishontirgan. Natijada 1993-yil Kizi Germaniya hibsga olingan va AQSHga ekstraditsiya qilingan, bu yerda u samolyot olib qochgani va oltin similar bilan bog‘liq firibgarlik uchun sud qilingan. U 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
1999-yil 6-yanvarda Kizi poyga qayiqlarini yasash bilan shug‘ullanuvchi mashhur usta Garri Kristensenni o‘ldiradi. Firibgar 48 yoshli mexanik tomonidan Cessna 340 samolyoti sotilayotgani to‘g‘risidagi e’londan xabar topadi. Ular bir necha bor ko‘rishadi va Kristensen mashinaga baho berishi uchun Kizi bilan birga parvoz qiladi.
6-yanvar kuni Kizi Kristensenning ko‘kragi va boshiga parvoz yo‘lagida o‘q uzgan, samolyotni havoga ko‘tarib, Albukerkega uchib ketgan. Yo‘l-yo‘lakay u aerodromlarda to‘xtab, marhumning kredit kartasidan yonilg‘i quygan, bu vaqtda Kristensenning jasadi samolyot salonida yotardi.
Kizi ertasi kuniyoq qo‘lga olingan. Uning yonidan marhumning buyumlari, jumladan, Rolex soati topilgan. Erkak samolyot egasi qayerda ekanini aytishdan bosh tortgan. Kristensenning qoldiqlari iyul oyida Nyu-Meksika shtatidagi rancho yonidan topilgan.
Elektr stulida qatl etilishidan qochish uchun Bobbi Jo Kizi tergov bilan hamkorlikka boradi. U muddatidan oldin ozodlik etilish imkoniyatisiz ikki karra umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. Firibgar 2010-yilda 74 yoshida vafot etgan.
Kizi biografiyasi bilan shug‘ullangan tadqiqotchilarni erkak o‘z jinoyatlarini sodir etishiga biror sabab bo‘lmaganidan hayratga tushadi. U aqlbovar qilmas harakatlarini amalga oshirib, yo‘qolib qolavergan. Shu bilan birga, borgan sari uning jinoyatlari qattiqroq tus ola boshlagan.