Ukraina xalqaro arbitraj sudlarida Rossiya va “Gazprom”ga qarshi 6,9 milliard dollarlik bir nechta da’volarni yutgan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Bu Rossiya va “Gazprom”ning javobgarligini ko‘rsatadigan hamda xalqaro huquq o‘z kuchini tasdiqlaydigan mutlaqo adolatli qarorlardir. Biz bu mablag‘larni undirish bo‘yicha aniq qadamlarni tayyorlayapmiz va ertaga Ukraina elchilari tegishli ko‘rsatmalarni oladi, degan Zelenskiy 20-iyul kungi bayonotida.
Shveysariya arbitraj sudida “Gazprom” mag‘lubiyati
Ukrainaning “Natfogaz” korxonasi “Gazprom”ga qarshi 1,37 mlrd dollarlik arbitraj da’vosida yutib chiqqan. Ishni Shveysariyada ko‘rib chiqqan Xalqaro arbitraj tribunali “Gazprom”ga 1,37 mlrd dollar to‘lash majburiyatini yuklagan.
2022-yil may oyidan boshlab “Gazprom” to‘lovlarni to‘xtatib, “take or pay” tamoyili bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini buzgan. 2022-yil sentyabr oyida “Naftogaz” arbitrajni boshlagan, “Gazprom” uni Rossiya sudlari orqali bloklashga uringan. Bu ish foyda bermagan.
Shveysariya, Shvetsiya va Isroil vakillaridan iborat xalqaro tribunal “Naftogaz” foydasiga qaror chiqargan. 1,37 milliard dollarlik summa 2019-yilgi gaz tranziti bo‘yicha qarz, shtraflar va yuristlar xarajatlarini o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)