Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatdagi vayronkor zilzilalardan so‘ng qutqaruv ishlari kechikkani uchun uzr so‘radi, deb xabar bermoqda NTV turk telekanali.
Erdo‘g‘on Turkiyaning janubi-sharqidagi zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan Adiyaman viloyatiga tashrifi chog‘ida zilziladan jabr ko‘rganlar oldida uzr so‘ragan.
“Zilzilaning halokatli ta’siri va yomon ob-havo tufayli birinchi kunlarda Adiyamanda ko‘ngildagidek ishlay olmadik. Buning uchun uzr so‘rayman”, — dedi Erdo‘g‘on.
Ushbu viloyatda 10-fevraldayoq mahalliy aholi hukumat harakatlaridan noroziligini bildirgandi.
“Zilzilaning ikkinchi kuni soat 14:00 ga qadar hech kimni ko‘rmadim. Na hukumat, na davlat, na politsiya, na askarlar. Uyat! Bizni taqdir hukmiga qoldirdingiz”, — degan o‘shanda adiyamanlik Mehmet Yildirim.
Eslatib o‘tamiz, 6-fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida bir necha soat ichida ikkita kuchli zilzila sodir bo‘lib, uning oqibatida 40 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Erdo‘g‘on, o‘z navbatida, muxolifatning keskin tanqidiga uchradi, bir qancha siyosatchilar mamlakatning bunday yirik tabiiy ofat bilan kurashishga tayyor emasligiga ishora qilgan.
Izoh (0)