Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Ukrainadagi urushning bir yilligi munosabati bilan Ukraina va uning ittifoqchilari tomonidan taklif etilgan, Rossiyani Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni to‘xtatish va u yerdan qo‘shinlarni olib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda BMTning Twitter’dagi sahifasi xabar berildi.
Rezolyutsiyani qabul qilish uchun 141 davlat ovoz berdi. Yana 32 davlat, jumladan, O‘zbekiston ovoz berishda betaraf qoldi. Yetti davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya, Eritreya, Nikaragua va Mali hujjatga qarshi ovoz berdi.
The UN General Assembly adopted a resolution that demands #Russia leave #Ukraine.
— UN News (@UN_News_Centre) February 23, 2023
In favour: 141
Against: 7
Abstentions: 32 pic.twitter.com/WnEoRp94kx
“Yevropa haqiqati” yozishicha, rezolyutsiya Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning 2022-yil kuzida G20 sammitida taqdim etgan “tinchlik formulasi” tamoyillariga asoslanadi.
Shu bilan birga, “RBK-Ukraina” nashri rezolyutsiya kengroq va “tinchlik formulasi”ga qaraganda kamroq tafsilotlarni o‘z ichiga olishini yozmoqda. Undagi matn BMT Bosh Assambleyasida ko‘proq mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlovini olish maqsadida o‘zgartirilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalar xalqaro huquq doirasida majburlash kuchiga ega emas.
Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlaganidan beri Bosh Assambleya Rossiyaning harbiy agressiyasini qoralovchi kamida to‘rtta rezolyutsiyani qabul qildi.
Izoh (0)