Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Buxara Azteks” tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu yerda paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois mahalliylashtirish darajasi 100 foizga yetgan.
Loyihaning qiymati 8,7 million dollar. Uskunalar Yaponiya, Germaniya va Turkiyadan keltirib o‘rnatilgan. Ming nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
Korxonada yiliga 16 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning 50 foizini xorijga eksport qilish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirgan, ishchilar bilan muloqot qilgan.
Bundan tashqari, korxona tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan. Prezident bu kabi korxonalarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma bergan.
Izoh (0)