O‘zbekistonning ikki hududi: Toshkent va Farg‘onada giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Quvasoy shahrida yashovchi shaxsning uyida 1 kilogramm 454 gramm gashish moddasi aniqlandi. Og‘u tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan olib kelingan. Shuningdek, qo‘qonlik ikki fuqaro tojikistonlik narkokur’yerlarning Ohangaron tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 863 gramm opiy moddasini olib, doimiy yashash manzillariga ketayotgan vaqtlarida “Chinor” YPX maskanida qo‘lga olindi.
Toshkent shahridagi tezkor tadbirda esa Denovda yashovchi fuqaro 274 gramm gashish moddasini Yunusobodda yashovchi shaxsga 35 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlandi.
Bundan tashqari, Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lasetti Bektemir tumanidagi Sharq YPX maskanida to‘xtatildi. Undagi yo‘lovchi, qo‘qonlik fuqaroga tegishli 600 dona Tramadol, 168 dona Regapen va 79 dona Tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalar aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu giyohvandlik vositalari Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan.
Izoh (0)