Qirg‘iziston hukumati davlat amaldorlariga beriladigan mukofot pullarini tejash orqali Turkiya dronlarini sotib oldi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov bu bo‘yicha ma’lumot bergan. U 2022-yil oxirida hech qanday mukofot puli olmagan davlat xizmatchilari mamlakat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shganini aytgan.
“Bundan oldin Bayraktar, Aksungur, Akinji va Anka zamonaviy dronlari sotib olingandi, ular allaqachon Qirg‘izistonga yetkazib berish jarayonida. Agar mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlay olmasa, choraklik mukofotlar, davlat xizmatchilari uchun qo‘shimcha to‘lovlarning hech biri arzimaydi”, — dedi Orunbekov.
U ayrim davlat xizmatchilarining qo‘shimcha maoshlarning qisqartirilganidan noroziligini o‘rinsiz deb hisoblab, ularga 2023-yil oxirida maosh berilishini va’da qilmoqda. Orunbekov Tojikiston bilan chegaradagi to‘qnashuvlardan so‘ng Qirg‘iziston mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Qirg‘iziston Turkiyaning Anka dronini ham xarid qilgan bo‘lib, aviatexnika 250 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi, dron havoda 30 soat turishi mumkin. Uchish og‘irligi 1,7 tonna bo‘lib, 350 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi.
Mavzuga doir: Qirg‘iziston prezidenti Germaniyadan sotib olingan Airbus H145 vertolyotini sinovdan o‘tkazdi (foto)
Izoh (0)