O‘zbekistondagi barcha OTM, texnikum va akademik litseylarning o‘qish boshlashga tayyorligi holati qayta monitoring qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
16-yanvar kuni Termiz davlat universiteti akademik litseyi binosidagi qozonxona tizimining nosozligi tufayli yuzaga kelgan portlash tufayli ikki kishi halok bo‘lgandi. Vazirlik bevaqt olamdan o‘tgan xodimlarning yaqinlari, oila a’zolari va hamkasblariga hamdardlik bildirdi.
Qayd etilishicha, vazirlik va universitet rahbarlari tomonidan olamdan o‘tgan fuqarolarning oila a’zolariga va tan jarohati olgan bir nafar universitet xodimiga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.
“Mazkur mash’um hodisa kabi fojiali holatlarning oldini olish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi tomonidan professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda o‘quv jarayonini tashkil etishda texnika xavfsizligi ta’minlanganlik darajasi, talabalar turar joyi hamda o‘quv binolarining holati qayta ko‘rib chiqilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Ayni damda vazir o‘rinbosarlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlaridan iborat ishchi guruh tomonidan respublikadagi barcha OTM, texnikum va akademik litseylarning o‘qish boshlashga tayyorligi holati qayta monitoring qilinmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha xabar beriladi.
Izoh (0)