Termiz davlat universiteti akademik litseyining qozonxonasida 16-yanvar kuni portlash sodir bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, shu kuni soat 11:30 da Termiz shahri Shimoliy darvoza ko‘chasi 15-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti akademik litseyining orqa tomonida joylashgan, litsey binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bug‘ to‘planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketishi natijasida portlash sodir bo‘lgan.
Portlash oqibatida shu yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan xodimlar P.A. va B.A. zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan. Yana bir xodim N.X. tan jarohati olganligi sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Voqea joyiga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat FVB boshliqlari hamda boshqa mas’ullar, shuningdek, tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Mavzuga doir: Sirdaryodagi ikki qavatli uyda gaz portlashi oqibatida ikki kishi vafot etdi
Izoh (0)