Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev ayni kunda muammolar bilan yuzlashayotgan aholidan murojaatlar kelib tushganda shaxsan hokimlarning o‘zi javob berishi, xalq muammosiga birgalikda yechim topishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda hokim o‘zining shaxsiy Telegram kanalida ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar bugun katta kuchga aylandi. Ayniqsa, xalq o‘z fikrini tarmoqda yozayotganda biz rahbarlar faol bo‘lishimiz, o‘zimiz javob yo‘llashimiz shart, deb o‘ylayman. Men ham faoliyatim davomida tarmoqlardagi sahifamda qoldirilayotgan izohlarni o‘qib, imkon topdim deguncha munosabat bildirib borishga harakat qilaman. Bu ham xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning o‘ziga xos, noyob uslubi, deb hisoblayman, — deb yozadi Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev o‘zining shaxsiy Telegram kanalida.Hokim mas’ullar bilan yig‘ilishida tuman va shahar hokimlari aholiga ish telefonidan tashqari, shaxsiy telefon raqamini ham berishi kerakligini aytgan.
Hamma hokimga aytdik, o‘zingizning telefoningizni ham, ishxonangizning telefon raqamini ham fuqaroga bering. Tashkil qilgan shtablaringizdan natija bo‘lishi kerak. Mana masalan menga ijtimoiy tarmoq orqali 56 ta murojaat kelib tushyapti. Siz bergan shtab raqamiga telefon qilyapmiz, lekin tusholmayapmiz deyishyapti. Keyin fuqaro sarson bo‘lib, hokimiyat binosiga boradi. Shunday paytlarda hokimning o‘zi javob berib, vaziyat haqida to‘g‘risini aytishi kerak. Hozir selektorlarda ham fuqaro telefon qilsa, olib javob bersa bo‘ladi. Hozir fuqaroga birinchi o‘rinda javob berib, natija qilishi kerak, — deydi hokim.Mazkur yig‘ilishda viloyat hokimi hududlardan unga kelib tushayotgan murojaatlarni o‘qib berib, yechimi borasida mas’ullarga topshiriq bergan.
Shu kunlarda xalqimizning har bir fikri va murojaatini nazardan qochirmaslik hamda amaliy yordam berishni o‘zimning muqaddas burchim, deb bilaman, — deydi Zoir Mirzayev.
Izoh (0)