NATO Ruminiya poytaxti Buxarestga AWACS havodan ogohlantirish va nazorat qilish tizimiga ega samolyotlarni joylashtiradi, ular “Rossiyaning harbiy faoliyati ortidan kuzatadi” va mintaqada NATOning kuchli ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda alyans matbuot xizmati xabar berdi. Birinchi reys 17-yanvar, seshanba kuni yetib keladi.
“Bizning AWACS tizimlarimiz samolyotlarni yuzlab kilometr uzoqlikda aniqlay oladi, bu ularni NATO uchun asosiy tiyib turuvchi va mudofaa vositasiga aylantiradi”, — dedi matbuot kotibi Oana Lungesku.
Razvedka samolyotlari yaqin kunlarda yo‘lga chiqadi va faqat alyans mamlakatlari hududidan uchib o‘tadi, ularning missiyasi bir necha haftaga mo‘ljallangan. 2022-yilning fevralidan beri alyans Sharqiy Yevropa va Boltiq dengizida Rossiya harbiy samolyotlarini kuzatish uchun AWACS tizimidan foydalanmoqda.
NATO samolyotlarni Germaniyaning Gaylenkirxendagi bazasidan olib o‘tadi, alyans Ruminiyaga keladigan samolyotlar soniga aniqlik kiritmadi. Germaniyaning DPA agentligi harbiy doiralardagi manbalarga tayanib xabar berishicha, gap 3 ta samolyot haqida ketmoqda. Samolyotlar Ruminiyaning Otopeni bazasiga joylashtiriladi — baza NATO mamlakatining Ukraina bilan sharqiy chegarasidan atigi 200 kilometr uzoqlikda.
Yanvar oyi o‘rtalarida Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi. “Geostrategik raqobat kuchayib borayotgan dunyoda avtoritar subyektlar bizning manfaatlarimiz, qadriyatlarimiz va demokratik tamoyillarimizga qarshi chiqmoqda”, — degan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg. Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Rossiya prezidenti Vladimir Putin “NATOning qisqarishini” xohlayotganini, biroq Ukrainadagi janglar tufayli u teskari natijaga erishayotganini eslatgan.
Izoh (0)