Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari dekabr oyida Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Natijalar xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxi noyabr oyidagiga nisbatan oshgani, lekin o‘sish sur’ati sekinlashganini ko‘rsatdi.
Xususan, noyabrda narxlar oktabr oyidagiga qaraganda 4,4 foizga tushgan, ammo dekabrda 3,5 foizga oshgan.
Narxlar Shayxontohur (10,6 foiz), Mirobod (3,5 foiz), Yunusobod (3,3 foiz), tumanlarida oshgan. Boshqa tumanlarda esa pasayish kuzatilgan. Shayxontohur tumani noyabr oyida ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik qilgan edi.
“Oybek”, “Toshkent”, “Minor”, “Buyuk ipak yo‘li” metro bekatlari atrofida va Nukus ko‘chasi bo‘ylab joylashgan, yaxshi ta’mirlangan xonadonlar uchun 1 000 dollardan yuqori ijara narxlari taklif qilinmoqda.
Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ijara narxlari nisbatan pastroq, aniqrog‘i ta’mirlangan xonadonlar uchun asosan 400-600 dollar atrofida ijara narxlari taklif etilmoqda.
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar taklifi nisbatan kamroq bo‘lib, ular asosan Chilonzor va Yunusobod tumanlarida, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi bo‘ylab taklif etilmoqda. Bu yerdagi xonadonlarning ijara narxi asosan 300-800 dollarni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, ijaraga beriladigan qimmat segmentdagi xonadonlar odatda vaqtinchalik ishlash maqsadida kelayotgan chet el fuqarolariga taklif etilyapti va ular qulay infratuzilmaga ega, transport qatnovi yaxshi va oziq-ovqat do‘konlari yaqin bo‘lgan hududlarda joylashgan.
Nisbatan arzon segmentdagi xonadonlarning ko‘p emasligi va asosan ikkita tumanda taklif etilayotgani ijara bozorini rivojlantirish zarurati borligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun: 2022-yil 9 oyida Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 5,9 million so‘mga yetib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sgan.
Izoh (0)