Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Qozonga uchgan samolyotida dvigatel ishdan chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi. Aviakompaniya holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, 7-yanvar kuni 7-yanvar kuni HY9649/9650 Toshkent—Qozon—Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan Airbus A320 samolyotining bitta dvigateli ishdan chiqqan. Samolyot muvaffaqiyatli tarzda nosoz dvigatel bilan Qozon aeroportiga qo‘ngan.
Bortda 173 nafar yo‘lovchi (158 nafar katta yoshdagi, 13 nafar o‘smir va 2 nafar chaqaloq) bo‘lgan va qo‘nish jarayonida ularning hech biri zarar ko‘rmagan.
Yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun Boeing767 samolyotida HY8649/8650 qo‘shimcha reys tashkil etilgan. Qozon—Toshkent qaytish reysida 166 nafar yo‘lovchi manzilga yetkazilgan.
Hozirda samolyot dvigatelining ishdan chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
“Uzbekistan Airways yo‘lovchilar xavfsizligi birinchi o‘rinda ekanligini eslatib o‘tadi. Yo‘lovchilar va kutib oluvchilarga yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.
Izoh (0)