McDonald’s Rossiya biznesi sotilgandan keyin tarmoqda yuzaga kelgan muammolar tufayli Qozog‘iston bozorini tark etishga qaror qilgandi.
Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligining tushuntirishicha, mamlakatdagi restoranlar shu paytgacha Rossiyada ishlab chiqarilgan go‘sht mahsulotlari va yarim tayyor mahsulotlar bilan ta’minlangan.
“McDonald’s’ning Rossiyadan ketishi munosabati bilan xomashyo yetkazib berishda muammo yuzaga keldi”, — deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, Amerika kompaniyasi kelajakda Qozog‘iston mahsulotlariga o‘tishga tayyor edi, ammo “mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan kompaniyaning yuqori standartlarini joriy etish biroz vaqt talab qildi”.
Qozog‘iston hukumati McDonald’s’ga restoranlarning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uchinchi davlatlardan mahsulotlar yetkazib berish tartib-taomillarini tezlashtirish va soddalashtirishda yordam berishga tayyor edi.
Qozog‘iston kompaniyalari ishlab chiqarishni Amerika kompaniyasi talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni boshladi va 2023-yil boshida korxonalar auditi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
“Biroq, McDonald’s yopilganligi sababli rejalashtirilgan audit amalga oshirilmadi”, — dedi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
McDonald’s 5-yanvar kuni Qozog‘istonni tark etishini e’lon qildi. Kompaniya mazkur qarorni “ta’minotni qisqartirish” bilan izohlagan.
McDonald’s mamlakatda 2016-yildan beri faoliyat yuritadi, tarmoqni mahalliy Food Solutions kompaniyasi boshqaradi.
Mart oyida Qozog‘istondagi McDonald’s franshizasi egasi Qayrat Boranboyev davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, hibsga olingan edi.
Izoh (0)