Angliyaning “Manchester Siti” klubi ispaniyalik yarim himoyachi Rodriga 2029-yil yozigacha amal qiladigan yangi shartnoma taklif etishga tayyor. Bu haqda insayder Fabrisio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.

Manbaga ko‘ra, 29 yoshli futbolchining klub bilan hozirgi shartnomasi 2026/27-yilgi mavsum oxirigacha amal qiladi. Biroq “shaharliklar” jamoaning muhim futbolchilaridan biri hisoblangan Rodrini uzoq muddat tarkibda saqlab qolishni maqsad qilgan. Romanoning qo‘shimcha qilishicha, agar yangi shartnoma imzolansa, Rodri Erling Holanddan keyin klubdagi eng yuqori maosh oladigan futbolchiga aylanadi.
Avvalroq ispaniyalik futbolchiga Madridning “Real” klubi qiziqish bildirayotgani, hatto u uchun 100 million yevro taklif qilishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Rodri “Manchester Siti” safida 2019-yildan buyon harakat qilmoqda. O‘tgan mavsumda u atigi 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. U tizzasidan olgan jarohat sababli mavsumning katta qismini o‘tkazib yubordi. Transfermarkt portalining ma’lumotiga ko‘ra, Rodrining hozirgi qiymati 110 million yevroni tashkil etadi.
Izoh (0)