Xitoy tomonidan blokada o‘rnatilgan taqdirda, Tayvanning elektr generatsiya qilish quvvati keskin kamayib ketadi. Bu esa orolda to‘liq blekoutga sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur prognoz Qo‘shma Shtatlarda joylashgan nufuzli tahlil markazi tomonidan bildirildi. Ekspertlar bunday xulosaga ehtimoliy mojarolarning natijasini turli strategiya va taktikalarni qo‘llash orqali taxmin qilish imkonini beruvchi War games (urush o‘yinlari) simulyatsiyasi orqali kelishdi.
“Energiya Tayvanning tashqi taʼsirlarga qarshi eng zaif nuqtasidir”, deyiladi Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) hisobotida. Mutaxassislar orol energiyaga bo‘lgan ehtiyojining mutlaq katta qismini import orqali taʼminlashini alohida taʼkidlagan.
Hujjatda aytilishicha, Xitoy orol blokadasi bilan cheklanmay, Tayvanning elektr infratuzilmasiga ham hujum qilishi mumkin. Bunday usulni Rossiya Ukrainaga qarshi qo‘llagan va natijada qisman muvaffaqiyatga erishgan edi.
“Umumiy elektr ishlab chiqarish blokadadan oldingi darajaning 20 foizigacha tushishi mumkin. Bunday sharoitda butun ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qulaydi. Bu esa jahon iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan kompyuter chiplari taʼminotiga ham taʼsir ko‘rsatadi”, deyiladi hisobotda.

Mazkur xulosa Tayvanga nisbatan blokada ssenariysi simulyatsiya qilingan 26 ta o‘yin asosida shakllangan. Ekspertlarning fikricha, blokada Pekin uchun jozibador variant bo‘lib, Tayvanni “materik bilan qayta birlashishga” majburlaydi. Eng muhimi, buni qimmat va risklarga to‘la amfibiya (qirg‘oqqa qo‘shin tushirish) amaliyotisiz bajarish imkonini beradi.
CSIS tadqiqotchilari har bir ssenariyda turli xil omillarni uyg‘unlashtirib chiqdi. Bu uchun 20 haftalik urush jarayoni simulyatsiya qilindi. Masalan, blokadaning eng oddiy darajasi Xitoy Sohil qo‘riqlash xizmati xodimi tomonidan tekshiruv amaliyoti o‘tkazishdan iborat. Eng murakkab versiya esa AQSH va Yaponiya bazalariga raketa hujumlarini o‘z ichiga olgan to‘liq miqyosli urush harakatlarini taqlid qiladi.

Bundan tashqari, Tayvan infratuzilmasi, bosqinga qarshi mudofaani mustahkamlash, Xitoy raketalarining roli, Vashington va Tokio Tayvanni himoya qilish-qilmasligi kabilar ham ko‘rib chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, eng qo‘rqinchli ssenariyda ham AQSH Xitoy materigidagi aerodromlarga hujum qilmagan. Bu esa xitoyliklarga o‘z havo kuchlarini qirg‘oqbo‘yi aerodromlariga joylashtirib, ulardan erkin foydalanish imkonini bergan. Bundan tashqari, Xitoy harbiy dengiz kuchlarining omon qolish imkoniyati ham ancha yuqori bo‘lgan. Boisi ular zarur vaqtda portlar yoki qirg‘oq yaqinidagi hududlardan boshpana topa olgan.
Ushbu o‘yinda AQSH va Tayvan jami 33 ta harbiy kema, jumladan ikkita aviatashuvchidan ayrilgan. Bundan tashqari ular, 153 ta savdo kemasini ham yo‘qotgan.

Ammo AQSH Tayvanga nisbatan qatʼiyroq pozitsiyani egallagan yana bir ssenariyda Tayvan energetik barqarorlikni saqlab qoldi. Boisi Qo‘shma Shtatlar yirik sondagi savdo kemalarini safarbar etib, ularni orol taʼminoti uchun safarbar qildi. Natijada aholining asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli darajada elektr ishlab chiqarildi. Ammo bu hammasi emas. Amerikaliklar mojaroga faol aralashgani bois, Xitoyning ham havoda, ham dengizdagi yo‘qotishlari keskin oshdi.
Hisobotning qiziq jihati shundaki, 26 ta o‘yinidan beshtasi “erkin” bo‘lib, unda ishtirokchilarga eskalatsiyani kuchaytirish, pasaytirish yoki mojaroni tugatish uchun muzokaralar yo‘lini tanlash imkoniyati berildi.
CSIS qayd etishicha, ko‘pchilik ishtirokchilar eskalatsiyani kuchaytirish borasida ikkilangan. Shunga qaramay, ular tez-tez kichik qadamlar orqali taranglik darajasini oshirgan va bu orqali qarshi tomonga signal yuborgan. Natijada raqib ham eskalatsiyasi bilan javob qaytargan. Beshala o‘yinning barchasida dengiz kuchlari bir-biriga qarshi jangga kirishib, yo‘qotishlarga uchragan.

Blokada Tayvan uchun og‘ir ssenariy bo‘lsa-da, bu barchasi tugashini anglatmaydi. Ekspertlar fikricha, qamalning natijasi ko‘p jihatdan Tayvan va AQSH yirik sondagi savdo kemalari va ularning ekipajlarini safarbar eta olish qobiliyatiga bog‘liq. Voqealar bunday rivoj olgan taqdirda, orolning energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun muhim bo‘lgan suyultirilgan gaz tankerlari favqulodda muhim rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari, hukumatlar tijoriy sug‘urtachilar urush zonalaridan qochgan taqdirda, ularning o‘rnini bosuvchi davlat sug‘urta tizimini ham yo‘lga qo‘yishi kerak. Qolaversa, transshipment (yukni boshqa kema orqali qayta tashish) ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Soddaroq aytganda, aksariyat savdo kemalari blokadani yorib o‘ta olmaydi. Biroq ularning yuki yapon portlariga tushirilib, Tayvanga boradigan kemalarga qayta joylanishi mumkin.
Tayvan, shuningdek, import qilingan energiyaga qaramligini kamaytirishi mumkin. Buning uchun neft, gaz va ko‘mir zaxiralarini ko‘paytirish, hatto may oyida yopilgan so‘nggi atom elektr stansiyasini ham qayta ishga tushirish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, orolning elektr tarmog‘i mustahkamlash, transformator va boshqa shu kabi ehtiyot qismlarini ham g‘amlab qo‘yish taqozo qilinadi.

AQSH esa 1948-yili Berlinda yo‘lga qo‘yilganidek havodan yordam amaliyotini boshlashi mumkin. Bu Tayvanning barcha ehtiyojlarini to‘liq qondira olmasa-da, “orol aholisining jangovar ruhiyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi hamda vaqtdan yutishga yordam berishi mumkin”.
Alaloqibat, eng muhim qadamlardan biri bu diplomatiya imkoniyatini saqlab qolishdir. Tayvanning qamal etilishi hamda mojaroga Vashingtonning ham aralashishi global iqtisodiyotni vayron qilishi mumkin. Bu esa, eng avvalo, Xitoy va AQSH iqtisodiyotlariga og‘ir zarba bo‘ladi.
Izoh (0)