Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Suriyadagi terroristik tashkilotni moliyalashtirish niyatida bo‘lgan fuqarolarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qayd etilishicha, Qo‘qon shahrida yashovchi K.H. (1995-yilda tug‘ilgan) 2019-yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga ishlash uchun borib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zolari ta’siriga tushib qolgan. Ularning da’vatlari oqibatida tashkilot g‘oyalariga xayrixohlik bildirib, “moliyaviy jihod” qilishga ahd qilgan.
Ushbu maqsadda tanishlaridan pul yiqqan, lekin o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli yubora olmagan.
Shuningdek, K.H. Qo‘qon shahrida yashovchi tanishi S.Z.ni (1996-yilda tug‘ilgan) ham to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib, uni Suriyadagi birodarlarga moddiy yordam berishga undagan.
O‘z navbatida, S.Z. O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarni yollab, “moliyaviy jihod” qilishga chorlashi va ular bergan pul mablag‘larini Suriyadagi terroristik tashkilotlar a’zolariga yuborishi kerak bo‘lgan.
K.H.ning navbatdagi topshirig‘iga ko‘ra, S.Z. Telegram messenjeri orqali Suriyaning Idlib shahrida yashovchi shaxs bilan bog‘lanib, unga 50 ming dollar yuborishni rejalashtirayotganini aytgan.
Lekin Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda S.Z. ushbu pul mablag‘ini yubormoqchi bo‘lgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Shuningdek, K.H. ham xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, qonunbuzarlar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, K.H. 8 yil muddatga, S.Z. esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Izoh (0)