O‘zbekistonda advokatlar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lamaydi. Qonunchilik palatasining 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirish nazarda tutilgan norma qonun loyihasidan chiqarib tashlandi.
Quyi palata matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, navbatdagi majlisda “Soliq va budjet siyosatining 2023-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi nihoyatda qizg‘in kechdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq qonun loyihasi bilan Soliq kodeksining 70-bobini (advokatlar hay’atlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yo‘li bilan advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirish nazarda tutilmoqda.
Bu kabi omillar advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib xalq vakillari kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surdi.
Uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan so‘ng, deputatlar taklifi bilan ushbu norma qonun loyihasidan chiqarib tashlandi.
Izoh (0)