Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi ayolning shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qoʻrqitgan erkak daliliy ashyolar bilan ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, ayol Telegram orqali Gʻiyos ismli shaxs bilan tanishgan. Oradan biroz vaqt oʻtib ushbu shaxs ayolning unga yuborgan surat va videolarni internet tarmoqlarida tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, undan surat va videolarni tarqatmaslik evaziga 5 million soʻm talab qilib kelgan.
Ushbu holat yuzasidan viloyat IIBB Jinoyat qidiruv boʻlimi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1995-yilda tug‘ilgan Gʻ.X. (Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashovchi) ayoldan kelishilgan pulning 200 AQSH dollarini tovlamachilik yoʻli bilan olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Ushlangan shaxsning qoʻl telefoni oʻrnatilgan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilganda, u yuqoridagi holat kabi, yana oʻnga yaqin ayollar surat va videolari borligi va bu kabi ish bilan muntazam shugʻullanib kelganligi gumonlangan. Hozirda holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)