O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartirilishi haqida xabar berilgan edi. Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov buning natijasida budjetning 2,8 trillion so‘m mablag‘i tejalishini aytdi.
Xalqaro press-klubning 26-dekabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida qatnashgan vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, bunday ma’muriy islohotlarni amalga oshirish natijasida davlat g‘aznasi mablag‘lari quyidagicha tejaladi:
- vazirlik va idoralar shtat birligini 30 foizgacha qisqartirish hisobiga 2,4 trillion so‘m;
- tashkilot va idoralarni maqbullashtirish hisobiga bo‘shaydigan 300 dan ortiq binolarni sotishdan 300 milliard so‘m;
- rahbar lavozimlarini qisqartirish orqali taxminan 55 ta avtomobillarni auksionda sotish hisobiga 16 milliard so‘m;
- hududlarga xizmat safarlarini qisqartirish, joylardagi muammolarni onlayn qabul yoki virtual tashrif kabi zamonaviy texnologiyadan foydalanish orqali qariyb 17 milliard so‘m;
- davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga 22 mlrda so‘m;
- rasmiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga 18 milliard so‘m.
Eslatib o‘tamiz, “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartiriladi. Ma’muriy islohotlar birinchi bosqichida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini 2023-yil 1-yanvarga qadar, ikkinchi bosqichida esa mahalliy davlat hokimiyati organlarini 2023-yil 1-aprelga qadar isloh qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’minlaydi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)