Ayni vaqtda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnoma yo‘llamoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
“Birinchi yo‘nalish – ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qilaman. Nima uchun so‘zni aynan shu yo‘nalishdagi islohotdan boshlayapman? Old́inlari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun, olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri keldi. Buni qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning aytishicha, maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, mahallabay ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishildi.
“Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda. Kundan-kunga iqtisodiyotimizda yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilmoqda.
Bu borada, xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida, endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti keldi», — dedi prezident.
“Ochiq aytish kerak – hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Ya’ni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashga haqqi yo‘q.
Agar vazirning o‘z sohasi bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan aniq yondashuvlari bo‘lmasa, uning faoliyati tufayli odamlarning og‘iri yengil bo‘lmasa, o‘zingiz ayting, bunday rahbardan nima naf bor?
Shuning uchun, yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Bunga uzoq tayyorgarlik qildik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)