Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyevning Kanada—O‘zbekiston do‘stlik guruhi raisi Z.Abultaif bilan videokonferensiya formatida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar siyosat, iqtisodiyot va parlamentlararo hamkorlik sohalarida O‘zbekiston—Kanada hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bundan tashqari, uchrashuvda ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish, xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Alberta universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Parlament a’zosi bu sohadagi hamkorlik istiqbollarini qayd etib, Kanadaning tegishli muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va axborot almashish, ilmiy-uslubiy resurslarni jalb qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturlari va stajirovkalarni tashkil etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Kanada parlamenti vakillari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston—Kanada parlamentlararo munosabatlari masalalari yuzasidan doimiy aloqalarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Mavzuga doir: O‘zbekiston parlamenti deputatlari Germaniya Bundestagi tajribasini o‘rganmoqda
Izoh (0)