“Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan tegishli davlat dasturlari va loyihalari doirasida obyektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi.
Hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Har chorakda viloyat, tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qurilish sohasida korrupsiya va qonun buzilishi holatlarining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilikka axborot berib borilishi ta’minlanadi.
2023-yil 1-yanvarga qadar qurilish obyektlarini ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar raqamlashtiriladi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida 2023 yil 1 yanvarga qadar Dasturlar va Loyihalarning ro‘yxatlarini yuritish, ularga kiritiladigan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar aks ettiriladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining mobil ilovasi yaratiladi.
Izoh (0)