Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston taraqqiyotda respublikadan 30-40 yil oldinda ekanini aytdi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonning “boshi yaxshi ishlaydi”.
“Shuning uchun O‘zbekiston bizdan 30-40 yil oldinda. Biz esa hali ham baqirishda (miting qilishda) davom etmoqdamiz. Men samolyotlar, vertolyotlar haqida gapirmayapman, 30 yil ichida biz hatto gugurt ishlab chiqaradigan zavod ham qurmadik”, — dedi Sadir Japarov.
Prezident nutqi Qirg‘iziston parlamenti o‘zbek-qirg‘iz chegarasining alohida uchastkalarini belgilash hamda Kampirobod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish fonida yangragan. Parlamentda deputatlarning 64 nafari O‘zbekiston bilan chegara to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilishni yoqlab, 19 nafari unga qarshi ovoz bergan. Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputatlarni kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, 14-noybar kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bahsli yer masalalariga aniqlik kiritilganini aytgandi. Bosh vazir Qirg‘iziston ‘G‘ovasoy’ daryosining oqimiga to‘sqinlik qilmaslik va suvini ifloslantirmaslik majburiyatini olganini qayd etgan. Bundan tashqari, Qirg‘iziston hududida joylashgan, O‘zbekistonning eksklav hududi bo‘lgan So‘x tumani aholisining chegaradan o‘tib-qaytishida yanada yengillik yaratish bo‘yicha ikki davlat hukumatlari o‘zaro kelishuvga erishilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, Bosh vazir yangi chegara chiziqlarini belgilashda O‘zbekiston chegara chizig‘idan 130 ta xonadonni ko‘chirish nazarda tutayotganini aytgandi. Qirg‘iziston—O‘zbekiston chegarasi bo‘yicha kelishuv O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ratifikatsiya qilingan. Endi hujjat Senat tomonidan ma’qullanishi kerak. Ikki davlat prezidentlari hujjatlarni imzolab, tomonlar bir-birini xabardor qilganidan so‘ng kelishuv kuchga kiradi.
Izoh (0)