Qirg‘iziston parlamenti o‘zbek-qirg‘iz chegarasining alohida uchastkalarini belgilash hamda Kampirobod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi, deb xabar bermoqda “Sputnik Kirgizistan”.
Parlament deputatlarining 64 nafari kelishuvni yoqlab, 19 nafari unga qarshi ovoz berdi. Qirg‘iziston prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputatlarni kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Parlament yig‘ilishi bahs-munozaralar va tortishuvlar bilan o‘tgan.
Tashiyev kelishuvning qabul qilinishi bilan Qirg‘iziston hududi qariyb 15 ming gektarga kengayishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Kampirobod suv ombori ostidagi yerlar O‘zbekistonga o‘tkaziladi.
Qirg‘iziston—O‘zbekiston chegarasi bo‘yicha kelishuv O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ratifikatsiya qilingan edi. Endi hujjat Senat tomonidan ma’qullanishi kerak.
Ikki davlat prezidentlari hujjatlarni imzolab, tomonlar bir-birini xabardor qilganidan so‘ng kelishuv kuchga kiradi.
Izoh (0)