USM xoldingi Meksikadagi mahalliy hukumat idorasi — DIF Guerrero’ning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida kompaniya nomi va Alisher Usmonovning suratlaridan foydalangan holda soxta reklama joylangani yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bu turdagi firibgarlik reklamalari, qoida tariqasida, zudlik bilan bloklanishiga qaramay, yana yangilari e’lon qilinmoqda.
Ayni paytda Facebook va Instagram DIF Guerrero tashkiloti akkauntidan e’lon qilingan reklamalarni faol ravishda targ‘ib qilmoqda (kiberjinoyatchilar tomonidan buzib kirilgan bo‘lishi mumkin), ular foydalanuvchilarga yuqori daromadli sarmoyaning turli shakllarini taklif qilmoqda.
Reklamalarda “aholi daromadlarini oshirish uchun” USM Invest dasturi ishga tushirilgani e’lon qilinmoqda, shuningdek, “Bugundanoq pul ishlashni boshlang”, deya chaqiriq keltirib o‘tilmoqda.
Ta’kidlanishicha, na USM xoldingi, na uning aksiyadorlari, xususan, Alisher Usmonov hech qachon jismoniy shaxslar uchun investitsiya loyihasini ishga tushirmagan va boshlashni rejalashtirmagan.
Bunday reklamalarga duch kelgan har bir kishidan ularga e’tibor bermasliklarini yoki ular haqida e’lon qilingan manbalar ustidan shikoyat qilishlarini so‘raymiz. Hushyor bo‘ling, yaqinlaringizni ogohlantiring va firibgarlarning hiylalariga uchmang, — deyiladi bayonotda.
Izoh (0)