Malayziya kompaniyasi Buxoro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Transport vazirligi, Uzbekistan Airports hamda Malaysia Airports Holdings Berhad kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida Malayziya tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonda aeroport xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Malayziya kompaniyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish hamda Buxoro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Malaysia Airports Holdings Berhad 1992-yilda tashkil etilgan hisoblanadi. Bugungi kunda Malayziya bo‘ylab 39 ta aeroport va Turkiyadagi bitta xalqaro aeroportga egalik qiladi.
Avvalroq Uzbekistan Airports parvozlarni kuzatish uchun Telegram bot ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)