O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Italiya Milliy tadqiqotlar kengashining O‘simliklarni barqaror himoya qilish instituti direktori Mauro Chentritto va O‘zbekiston o‘simliklar himoyasi va karantini ilmiy-tadqiqot instituti direktori Azim Anorboyev o‘rtasida videoaloqa vositasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Uchrashuv avvalida Italiya tomoniga O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, mamlakatda o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini yanada takomillashtirish, fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksport salohiyatini kengaytirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish va karantini ilmiy-tadqiqot institutining maqsadi, ilmiy faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va xalqaro aloqalar to‘g‘risidagi taqdimot o‘tkazildi. Ushbu institutning ilmiy xodimlari nufuzli xalqaro tashkilotlar va donorlar, xususan, BMT Taraqqiyot dasturi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti doirasida tashkil etiladigan xalqaro seminar va tadbirlarda faol qatnashib kelayotgani qayd etildi. Olimlar tomonidan xalqaro konferensiya va jurnallarda ilmiy maqolalar chop etilmoqda. Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida xalqaro moliya institutlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘z navbatida, Italiya o‘simliklarni barqaror himoya qilish instituti vakili tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlik borasidagi fikrlarini bayon etdi.
Ikki davlat o‘rtasida o‘simliklarni himoya qilish borasida hamkorlik ilmiy va amaliy jihatdan yuqori istiqbolga ega ekani qayd etildi. Bu borada o‘simlik zararkunandalari xavfini tahlil qilish, shuningdek, fitosanitariya xatarlarini boshqarish, o‘simliklarni himoya qilishning turli yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘riqnomalar tayyorlash, ekologik toza kimyoviy moddalarni qo‘llash orqali o‘simliklarni samarali zararsizlantirish usullarini ishlab chiqish, zararkunandalarga qarshi kurashning biologik usullarini ishlab chiqish hamda urug‘lik va ekish materiallari sifatini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish borasida o‘zaro hamkorlik qilish maqsadga muvofiq ekani bildirildi.
Muzokaralar chog‘ida Italiyada o‘zbek mutaxassislari va ekspertlarining o‘simliklarni himoya qilish va karantin bo‘yicha bilim va tajribasini oshirishda amaliy yordam berishga tayyorlik ma’lum qilindi. Ushbu masalalar yuzasidan tomonlar yaqin muddat ichida anglashuv memorandumini ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldi.
Izoh (0)