Rossiya armiyasi 18-avgustga o‘tar kechasi Ukrainaning Xarkov shahriga dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, 18 kishi jarohat oldi.

Tunda Shahed dronlari ko‘p qavatli turar joy binosiga zarba bergan. Qurbonlar orasida 2 yoshli bola ham borligi aytilmoqda. Dastlab soat 05:46 da jarohatlanganlar soni 15 kishini tashkil etgandi, biroq qidiruv-qutqaruv ishlari davomida ularning soni ortgan.
Hujum joyida tibbiyot xodimlari va tegishli xizmatlar ish olib bormoqda. Qurbonlar va jarohatlanganlar soni ortishi mumkin.
Hozircha uch kishi halok bo‘lgan, ulardan biri yosh bola. Yana 17 kishi jabrlangan, ular orasida olti nafar bola bor, dedi Xarkov meri Igor Terexov.
Rossiya dronlari 18-avgustga o‘tar kechasi Sumiga ham hujum qildi. Shaharda kamida to‘rtta portlash ovozi qayd etildi. Keyinchalik fuqarolik infratuzilmasiga zarba berilgani va obyektda yong‘in chiqqani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, bu hujum oqibatida qurbonlar qayd etilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina prezidenti 18-avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokara olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:15 da boshlanadi. Ukraina prezidenti muzokaralar uchun allaqachon Vashingtonga yetib kelgan.
Tramp hamkasbi bilan Ukraina nazoratidagi hududlarni muhokama qilishi kutilmoqda. Rossiya Ukrainaning 5 ta viloyati bo‘yicha yon berishga rozi bo‘lgan. Rossiya Yevropa davlatlariga hujum qilmaslik majburiyatini qonuniy belgilashni ko‘rib chiqishi mumkin. AQSH prezidenti urushni tugatish uchun Zelenskiyni Qrim va NATOdan voz kechishga chaqirmoqda.
Izoh (0)