Jons Hopkins universiteti olimlari probirkada noldan haqiqiy tirik miyani yetishtirishga erishdi. Bu haqda Popular Mechanics xabar berdi.

Miyaning kattaligi taxminan 40 kunlik embrion miyasi darajasiga to‘g‘ri keladi. Ilgari miya qismlarining “modeli” yaratilgan bo‘lsa, bu safar ilk bor to‘laqonli, faqat kichik miya o‘stirildi. Unda 6–7 million neyron mavjud, inson miyasida esa o‘nlab milliard neyron bor.
Bu yutuq asab tizimi kasalliklarini, jumladan, autizm kabi patologiyalarni chuqurroq o‘rganishni kuchaytirishi kutilmoqda.
Biz miya organoidlarining yangi avlodini yaratishga erishdik. Odatda ilmiy adabiyotlarda keltirilgan namunalar miyaning faqat alohida qismlarini, masalan, katta yarim sharlar po‘stlog‘ini, miyaning orqa yoki o‘rta qismini qamrab olardi. Biz esa butun organning ibtidoiy nusxasini yetishtirdik va uni ko‘p mintaqali miya organoidi (MRBO) deb atadik, deb tushuntirdi loyiha rahbari Enni Katuriya.
Butun miyani shakllantirish uchun Katuriya jamoasi avval laboratoriya probirkalarida miyaning turli sohalaridan olingan nerv hujayralarini va qon tomir to‘qimasini alohida-alohida o‘stirgan. Shundan so‘ng olimlar biologik jihatdan “yelim” vazifasini bajaruvchi maxsus oqsil molekulalari yordamida ushbu tarkibiy qismlarni birlashtirdi. To‘qimalar qo‘shila boshlagach, ular elektr faolligini namoyon etib, haqiqiy hujayralar tarmog‘i kabi ishlashni boshlagan.
Kashfiyotning asosiy maqsadi — dori sinovlarining muvaffaqiyat darajasini oshirish. Chunki klinik sinovlarning birinchi bosqichida dorilar hayvonlarda sinovdan o‘tkaziladi. Natijalar inson organizmiga har doim ham to‘liq mos kelmaydi.
Shizofreniya, autizm va Altsgeymer kabi kasalliklar miyaning faqat bir qismiga emas, balki butun miyaga ta’sir ko‘rsatadi. Agar biz rivojlanishning ilk bosqichlarida nimadir noto‘g‘ri ketishini tushuna olsak, dori sinovlari uchun yangi nishonlarni topishimiz mumkin bo‘ladi, dedi Katuriya.
Izoh (0)