Ijtimoiy tarmoqlarda Quvasoy shahar Lashkar qishlog‘ida IIB uchastka inspektori bir fuqaroni urib jarohat yetkazgani haqida xabar tarqaldi. Farg‘ona viloyati prokuraturasi matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 27-avgust kuni soat 19:00 larda Quvasoy shahar “Yuqori Mo‘yan” MFY hududida fuqaro X.T. (1962-yilda tug‘ilgan) jamoat tartibini buzuvchi harakatlar sodir etgani uchun Quvasoy shahar IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish maqsadida shahar tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotgan vaqtda uning sog‘lig‘i yomonlashib, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, X.T.ning o‘limiga yurak ishemik kasalligi, yurak toj qon tomirlarining o‘tkir yetishmovchiligi, o‘ng tomonlama pnevmoniya, surunkali plevrit, oshqozon osti beziga qon quyilishi, alkogoldan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Tekshiruv jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Izoh (0)