Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson urush boshlanganidan buyon uchinchi marta Ukrainaga keldi, deb yozadi Meduza.
“Ukrainada yuz berayotgan narsalar barchamiz uchun muhim. Aynan shuning uchun bugun men Kiyevga keldim. Aynan shuning uchun Buyuk Britaniya ukrainalik do‘stlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Ukraina bu urushda g‘olib bo‘la oladi va bo‘ladi ham”, — deb yozdi Jonson Twitter’da.
Boris Jonson Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ukraina yetakchisi Jonsonning tashrifini izohlar ekan, “Ukrainaning buyuk do‘sti Boris Jonsonni Mustaqillik kunida qarshi olishdan xursandman”, — dedi.
“Boris, Rossiyaning to‘liq ko‘lamli tajovuzining ilk kunlaridanoq mamlakatimizga murosasiz ko‘mak berayotganingiz, xalqaro maydonda Ukraina manfaatlarini himoya qilayotganingiz uchun rahmat!” — dedi Zelenskiy.
Boris Jonson Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainaga 54 million funt (63,5 million dollar)lik yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi. U raketa tizimlari, 850 ta Black Hornet mikrodronlari va ikki mingta boshqa uchuvchisiz qurilmalarni o‘z ichiga oladi.
24-avgust kuni, Ukraina Mustaqillik kunida, Kiyevda mahalliy vaqt bilan 16:51 holatiga besh marta havo trevogasi e’lon qilindi, shu jumladan, Jonsonning tashrifi chog‘ida ham.
7-iyul kuni Boris Jonson Konservativ partiya rahbari va tegishli ravishda, Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimidan ketishini e’lon qildi. Yangi yetakchi saylanmagunicha, u partiya va hukumat rahbari vazifalarini bajarib turadi.
Rossiya hujum boshlaganidan keyin Boris Jonson Ukrainaga 9-aprel va 17-iyun kunlari tashrif buyurgan edi.
Izoh (0)