Yevropa Ittifoqi Ukraina Milliy banki hisobiga 500 million yevro miqdorida yordam mablag‘ini yubordi. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 milliard yevro miqdorida favqulodda makromoliyaviy yordam jo‘natadi. 500 million yevro miqdoridagi birinchi qism bank hisobiga tushdi. Ikkinchi qism ertaga kelishini kutamiz”, — deb yozgan bosh vazir o‘z Telegram kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 milliard yevro Ukrainaga beriladigan, umumiy qiymati 9 milliard yevro bo‘lgan katta yordam paketining bir qismidir. Ushbu mablag‘lar birlamchi budjet ehtiyojlarini moliyalashtirishga qaratiladi.
12-iyul kuni Yevropa Ittifoqining iqtisodiyot va moliya vazirlari kengashi mamlakatga favqulodda makromoliyaviy yordam dasturi doirasida Ukrainaga 1 milliard yevro miqdorida kredit ajratishni ma’qullagan.
18-may kuni esa Yevrokomissiya Ukraina uchun yil oxirigacha Yevropa Ittifoqi kafolatlari ostida 9 milliard yevro miqdorida favqulodda makromoliyaviy kreditlash dasturi tayyorlanishini e’lon qilgandi.
Izoh (0)