O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari miqdori 2025-yil iyul oyi yakuniga ko‘ra 48,74 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 193,7 million dollarga (0,4 foizga) ko‘pdir. Yil boshidan buyon mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 7,56 milliard dollarga (18,4 foizga) o‘sdi.
Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 20 ming troy unsiyaga (0,6 tonna) kamayib, 11,7 million troya unsiyasini (363,9 tonna) tashkil etdi. Shunga qaramay, oltin zahiralarining qiymati narx o‘sishi hisobiga 38,68 milliard dollarga yetdi. Bu yangi rekord ko‘rsatkich. Iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 265 million dollarga ko‘pdir.
Valyuta zaxiralari esa 63,3 million dollarga qisqarib, 9,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu fevral oyidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, iyunda O‘zbekiston dunyo bo‘yicha eng ko‘p oltin xarid qildi. 2025-yil iyun oyida dunyo markaziy banklari jami 22 tonna oltin sotib olgan. Bu ketma-ket uchinchi oyda oylik asosda talabning biroz ortganini anglatadi. Iyunda O‘zbekiston 9 tonna oltin sorib oldi. Mamlakat to‘rt oy davom etgan “sotuv rejimidan” chiqib, yana oltin jamg‘arishni boshlagan.
Izoh (0)