Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent—Shahrisabz yo‘nalishidagi poyezdlarga chipta topish muammosi mavjudligi haqida xabarlar tarqatildi. Mazkur holatga yo‘lovchilarni temiryo‘l orqali tashish bilan faoliyat yurituvchi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2019-yilning 15-mart kunidan 2020-yilning 24-mart kuniga qadar Toshkent—Shahrisabz—Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari o‘z qatnovlarini amalga oshirib kelgan. Bir yil davrida harakatlangan yo‘lovchilar oqimi tahlil qilinganda, Shahrisabzdan Toshkent shahriga keluvchi hamda Toshkent shahridan Shahrisabzga boruvchi yo‘lovchilar soni juda kamligi sababli (umumiy yo‘lovchilarning bir foiziga ham yetmaydi), mazkur poyezd qatnovi Qarshi shahriga qadar qisqartirilgan va 2020-yilda karantin choralari yumshatilganidan so‘ng poyezd Toshkent—Qarshi—Toshkent yo‘nalishida harakatlanishni boshlagan.
2022-yilning aprelida O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga asosan may oyidan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlar harakati Toshkent—Shahrisabz—Toshkent yo‘nalishida qayta tiklangan va haftaning har shanba va yakshanba kunlari amalga oshirib kelingan. 25-iyundan boshlab ushbu poyezd Shahrisabzgacha faqat yo‘lovchilar soni ko‘p bo‘lgan yakshanba kuni boradi.
“Haftaning boshqa kunlarida esa yo‘lovchilar soni juda ham kam bo‘lmoqda. Shu o‘rinda qayd etish lozim, 6317/6318-sonli Qarshi—Shahrisabz—Qarshi yo‘nalishida har kuni shaharlararo elektropoyezdlar qatnovi mavjud”, — deyiladi munosabatda.
Toshkent—Shahrisabz—Toshkent yo‘nalishda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdidagi joylar soni 286 tani tashkil etadi va chiptalar erkin savdoga 45 kun oldin chiqariladi. Poyezd jo‘nashiga sanoqli kun qolganida, talab yuqori bo‘lgan chiptalarni rasmiylashtirish (sotib olish) ehtimoli kam.
“Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida temiryo‘l kassalariga bormasdan ‘Chipta.railway.uz’ yoki ‘E-ticket.railway.uz’ saytlari orqali elektron chipta xarid qilish imkoniyati yaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)